Yaqin 2 oy davomida Toshkent shahridagi barcha yorug‘lik diodli (LED) ekranlardagi tashqi reklama obyektlarining yorug‘lik darajasi me’yorga keltiriladi. Bu haqda shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti Tashqi reklama loyiha ofisi rahbari Alixon Ahmadjonov ma’lum qildi.

Uning aytishicha, hokimlikka aholi va shahar mehmonlari tomonidan shahar hududiga o‘rnatilgan LED ekranlardagi reklamalarning yorug‘lik darajasi yuzasidan murojaatlar kelib tushgan. Shu sababli hozirda ushbu ekranlarni masofadan turib yorug‘lik o‘lchash uskunalari orqali tekshirish boshlangan. Dastlabki o‘rganish natijasida shahardagi ekranlarning 90 foizdan ko‘p qismi me’yordan yuqori yorug‘lik tarqatishi aniqlangan.

“Yorug‘likni me’yorga keltirish jarayoni boshlanganda biz shunaqa holatlarni ko‘rdikki, ayrim LED ekranlarning yorug‘lik darajasi tunning qorong‘u vaqtida me’yoridan 50 baravargacha yuqori darajada bo‘lgan. Shaharsozlik normalarida tungi vaqtda yorug‘ik diodli monitorlarning maksimal yorug‘lik darajasi 100 kandel / kv.m etib ko‘rsatilgan. Va biz hozirgi monitorlarni joyiga chiqqan holda o‘lchab, shu 100 kandel / kv.m daraja me’yorgacha keltirish ishlarini olib bormoqdamiz”, — deya tushuntirdi loyiha ofisi rahbari.

Alixon Ahmadjonovning qo‘shimcha qilishicha, yorug‘lik darajasini buzganlik uchun hech qanday jazo mavjud emas. Lekin hozirda “Hududiy elektr tarmoqlari” bilan birgalikda ushbu ekranlar egalari tomonidan me’yorga keltirilmagan taqdirda, ularni majburiy tartibda elektr tarmog‘idan uzish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq Alixon Ahmadjonov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida fuqarolar ekran yorug‘ligidan shikoyat qilganidan so‘ng, departament reklama egalaridan uni kamaytirishni so‘raganini ma’lum qilgandi. Biroq oldin yorqinlik vizual tarzda aniqlangan, shu sababli masofaviy yorug‘lik o‘lchagichlarini sotib olish rejalashtirilgan edi.

Video