«Lukashenkoning O‘zbekiston haqidagi fantaziyalarini jiddiy qabul qilish shart emas» — siyosatchilar va jamoatchilik faollari

Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekiston Ittifoq davlatiga qo‘shilishi mumkinligi bo‘yicha fikriga o‘zbekistonlik siyosatchilar va jamoatchilik faollari munosabat bildirdi. «Yuksalish» harakati raisi Bobur Bekmurodov bu «fantaziyalarni jiddiy qabul qilmaslikni» ta’kidlagan. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev Lukashenko va Solovyovni «o‘tgan-ketganni muhokama qiladigan, hammaning shaxsiy hayotiga burnini tiqadigan kampirlarga» o‘xshatgan. Adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova Tashqi ishlar vazirligidan bu bayonotga munosabat bildirishini so‘ragan.

«Kengash raisi hokimdan kuchli bo‘lishi kerak». Boyovut tumani hokimi kengash raisligini deputatlarga topshirdi

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani va Shirin shahrida tajriba tariqasida hokimning xalq deputatlari kengashi raisi maqomi bekor qilinmoqda. «30 ta deputat ichidan kengash raisi saylanadi. U meni boshqaradida endi… Bir umrlik orzuyim shu», — dedi Boyovut hokimi Dilfuza Uralova. Uning so‘zlariga ko‘ra, doimiy ishlovchi deputat va senatorlar faoliyat yo‘lga qo‘yiladi, ularga oylik maosh to‘lanadi. Endi hokim o‘ziga emas, balki kengash oldida hisobot beradi.

Prezidentni haqorat qilgan bloger 3 yilga qamaldi

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov hamda amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevni haqorat qilishda ayblangan bloger, Sobirjon Boboniyozov 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U Telegram`dagi guruhlardan birida davlat rahbarlarini haqoratlovchi video e’lon qilganligi aytildi. Bloger ushbu harakatlarini mast holatda takroran sodir etgan.

«Qashqadaryo hokimligi va IIB qonunni buzgan». Antimonopoliya qo‘mitasi Qashqadaryodagi chigit ishi haqida

Antimonopoliya qo‘mitasi samarqandlik tadbirkor 100 tonna chigit mahsulotini Qashqadaryodan olib chiqib keta olmagan holatni o‘rganib, o‘z munosabatini bildirdi. Ta’kidlanishicha, Qashqadaryo viloyati hokimligi va viloyat IIB tomonidan «Raqobat to‘g‘risida» gi qonunning 12-moddasi talablari buzilgan. Qo‘mita tadbirkor zarar ko‘rgan holatda viloyat hokimligi va IIB ustidan sudga murojaat qilishi mumkinligini eslatib o‘tdi.

Markaziy bank so‘m ramzini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qildi

Markaziy bank O‘zbekiston milliy valyutasi — so‘m ramzini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qildi. Tanlovda milliy valyutaning xalqaro miqyosda o‘ziga xosligi va xalqning madaniy qadriyatlarini ifodalovchi eng yaxshi grafik ishlar aniqlanadi. G‘oyalar 31 martga qadar qabul qilinadi.

Tal’at Valiyev Xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosari bo‘ldi

Tal’at Valiyev O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosari etib tayinlandi. Avvalroq, Babur Shayakubov Xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosarligidan ozod qilingandi.

Xalqaro press-klubga yangi rais saylandi

Jaloliddin Usmonov Xalqaro press-klubning yangi raisi etib saylandi. Bungacha press klub raisi bo‘lgan Sherzodxon Qudratxo‘ja esa Firdavs Abduholiqovning o‘rniga O‘zEOAVMA boshqaruv raisi etib tayinlangandi.

2021 yilda 2,7 mingdan ortiq fuqaroning bank kartasidan pul o‘g‘irlangan

2021 yilda 2700 dan ortiq fuqaro bank kartalaridan pul o‘g‘irlanganligi bo‘yicha ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. So‘nggi paytlarda bank kartalaridan pul o‘g‘irlash holatlari ko‘payib bormoqda. IIV fuqarolardan bank kartalari ma’lumotlarini va tasdiqlash kodlarini hech kimga bermaslikni so‘radi.

«Qarorlarda yozilgan hamma narsani berib bo‘lmasdi». Ruslanbek Davletov — maxsus komissiyasi qarorlari nimaga e’lon qilinmasligi haqida

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Respublika maxsus komissiyasining faoliyati qonun bilan tartibga solinganini aytdi. Qolaversa, uning qarorlari nima sababdan e’lon qilinmasligiga izoh berdi. «Komissiya qarorlarida yozilgan hamma narsani berib bo‘lmasdi. Eng asosiysi komissiyadagi qoidalar vaqtida yetkazib turildi», — dedi u. Bloger Otabek Bakirov esa «maxsus komissiya tugatilishi va qonunchilikka qaytilishi» kerakligini aytmoqda.

«Yunusoboddagi daraxtlar kesilmaydi, tamom» — Adliya vaziri

Adliya vaziri uch marta suiqasd uyushtirilgan Yunusoboddagi daraxtlar muammosi yuzasidan fikr bildirib, moratoriyga barcha amal qilishi shartligini aytdi. «Yunusoboddagi daraxtlar kesilmaydi, tamom… Siz uni qaysi maqsadda olgan bo‘lsangiz ham tegina olmaysiz. Tegsangiz siz jinoyat qilgan bo‘lasiz», — dedi Ruslanbek Davletov. Bunga Davlat ekologiya qo‘mitasi mas’ulligi, qolaversa, prokuratura organlari ham nazorat o‘rnatishi lozimligi qo‘shimcha qilindi.

Bank xizmatlari haqida axborot beruvchi portal ishga tushirildi

Markaziy bank tijorat banklarining moliyaviy xizmatlari haqida axborot beruvchi www.bankxizmatlari.uz portalini ishga tushirdi. Veb-sayt orqali jismoniy shaxslar o‘zlari uchun taklif etilayotgan kreditlar, omonatlar, valyutalarni ayirboshlash, xalqaro pul o‘tkazmalari va boshqa xizmatlarni izlashi, ular haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishlari mumkin.

Energiya resurslarni o‘zbek-qozoq bojxonasidan olib o‘tishni nazorat qilishga oid bitim tasdiqlanishi mumkin

2021 yil 6 dekabr kuni Nur-Sultonda imzolangan O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida energiya resurslarini bojxona chegarasidan quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali olib o‘tishni birgalikda bojxona nazoratidan o‘tkazish to‘g‘risidagi bitimni tasdiqlash kutilmoqda. Tegishli prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

YUNISEF va IIV Kiberxavfsizlik markazi bolalarni internetdagi zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha hamkorlikni boshladi

YUNISEF va Kiberxavfsizlik markazi Xavfsiz internet milliy markazini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Ushbu onlayn-platformada internetdagi zo‘ravonlikdan himoyalanish haqida ma’lumotlar e’lon qilinadi, bolalar va ota-onalarga maslahat yoki ko‘mak bera oladigan operator faoliyat yuritadi.

Yuqorichirchiq tumanlararo sudi sudyasi pora olganlikda gumonlanmoqda (to‘ldirildi)

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yuqorichirchiq tumanlararo sudi sudyasi pora olganlikda gumonlanmoqda. U sherigi bilan yer bilan bog‘liq nizoni ijobiy hal qilish uchun 3 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan. Sudyalar oliy kengashi uni javobgarlikka tortishga rozilik berdi.

«Toshkentshahargaz»ning sobiq xodimi firibgarlikda gumonlanib, qo‘lga olindi

«Toshkentshahargaz» korxonasining sobiq xodimi oilaviy korxonani gaz tarmog‘iga ulash uchun hujjatlarni tayyorlab berish evaziga 16,5 million so‘m olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

2022 yilda Samarqand viloyatida 3 ta yangi GES quriladi

2022 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan gidroenergetika loyihalarining umumiy quvvati 173 MVtni tashkil etishi kutilmoqda. Xususan, Samarqand viloyatida 3 ta yangi GES quriladi, respublikadagi yana 4 ta GES modernizatsiya qilinadi.

Ichki ishlar organlarida korrupsiyaviy jinoyatlar ikki baravar ko‘paygan

2021 yilda ichki ishlar organlarining 89 nafar xodimi 119 ta korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan. Bu 2020 yilga nisbatan 2 barobarga ko‘p. Ularning aksariyati hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish va pora «oldi-berdi"si bilan bog‘liq.

36,7 ming nafar talaba hududlardan Toshkent shahriga yetib kelgan

7 fevraldan an’anaviy ta’lim bosqichma-bosqich boshlangach, hududlardan poytaxtga 36 738 nafar talaba yetib keldi. Ularning qariyb yarmi ijara uylariga, 27 foizi talabalar yotoqxonasiga, 23 foizi esa yaqin qarindoshlarinikiga joylashgan.

Chor-Bakr madaniy merosi hududidagi yerlar noqonuniy tarzda auksionga qo‘yildi

Buxoro viloyatida XVI-XX asrlarda bunyod etilgan Chor-Bakr yodgorlik majmuasining muhofaza tegralaridagi yer uchastkalari ijara va mulk huquqi asosida auksionga qo‘yilgani aniqlandi. Ushbu majmua YUNESKOning Umumjahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritish uchun nomzod sifatida ko‘rsatilgan.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Shakar zavodlari bizga kerakmi?

Proteksionizm har doim ta’kidlanganidek, yomon va zararli qaror. Uning qanchalar zararli ekanligini 2020−2021 yilgi shakar bozoridagi tendensiyalardan ham ko‘rish mumkin. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish iste’molchilarning kambag‘allashishiga olib kelishi haqida — «Gazeta.uz» kolumnisti Mirkomil Xolboyev maqolasida.