13 may kuni Andijon viloyatida 6 nafar erkak dala shiyponida 20 yoshli kelinning nomusiga tekkani bo‘yicha xabarlar tarqalgan edi. O‘shanda Andijon tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 118-moddasi 1-qismi (nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

May oxiriga kelib IIV tergov jarayonlari davomida jabrlanuvchi O.O. «ilojsizlikdan yolg‘on ko‘rsatma berganini ma’lum qilgani» haqida bayonot bergandi. Unda kelinchak «hech kim zo‘rlab nomusiga tegmagani, ayrim shaxslar moddiy manfaatdor bo‘lish evaziga uni zo‘rlab nomusiga tekkanligi haqida ariza va ko‘rsatma berishga majbur qilganini» aytgandi.

Shundan co‘ng, Hozirda fuqaro O.O. va boshqalarning tuhmat qilganliklari holatiga huquqiy baho berish maqsadida tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Mazkur jinoyat ishi 10 sentabr kuni JIB Bo‘ston tuman sudi, JIB Andijon tuman sudi binosida, ochiq sud majlisida, tuman sudining raisi M.Ruzimatov boshchiligida ko‘rib chiqildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Sudning yakuniy hukmiga ko‘ra, fuqaro O.O. Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismining «a» bandida (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 2 yil-u 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Sudlanuvchiga sutkaning soat 22:00dan soat 6:00gacha bo‘lgan vaqtda (kasalxonada tibbiy muolaja olish vaqti istisno) yashash joyidan chiqishi cheklandi.

Qolaversa, unga Andijon tuman IIBning ruxsatisiz yashash va ish joyini o‘zgartirishi hamda Andijon viloyati hududidan tashqariga chiqish taqiqlandi. Ozodlikni cheklash jazosi Andijon tuman IIB boshlig‘i tomonidan nazorat qilinadi.

Jazoni o‘tash muddati fuqaro O.O. Andijon tuman IIBda hisobga qo‘yilgan kundan boshlab hisoblanadi. Sudlanuvchiga nisbatan qo‘llanilgan shaxsiy kafillik ehtiyot chorasi hukm qonuniy kuchga kirganidan so‘ng bekor qilinadi.

Jinoyat ishi 4-noyabr kuni U.Karimov raisligida Andijon viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan appelyatsiya protesti ko‘rib chiqilgan.

Yakunda JIB Bo‘ston tuman sudining 2021 yil 10 sentabrdagi O.O.ga nisbatan chiqarilgan hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi.

Hukmning tavsif qismiga «homiladorligi kabi holatni jazoni yengillashtiruvchi baholash» haqida aniqlik kiritildi va appelyatsiya protesti qisman qanoatlantirildi.