16 avgust kuni «Xavfsiz hudud» profilaktik tadbiri doirasida Toshkent viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar vaqtida Suriyaga «jihod» qilishni maqsad qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar bermoqda.

«DXX Toshkent viloyati boshqarmasi va viloyat IIBB tomonidan Chinoz tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda yashirin faoliyat olib borayotgan „jihodchilar“ oqimi a’zolarining 10 nafari qo‘lga olindi», — deyiladi xabarda.

Surishiruv davomida ushbu shaxslar «jihod» maqsadida Suriya davlatiga chiqishni rejalashtirgani ma’lum bo‘lgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.