2022 yilning birinchi 25 kuni ichida respublikada 28 nafar fuqaro is gazidan vafot etgan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan FVV va IIV mutasaddilari ishtirokidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Ma’lumotga ko‘ra, 2021 yilda is gazi bilan bog‘liq jami 74 ta holat aniqlangan. Ushbu holatlarda 67 nafar fuqaro zaharlangan va 128 kishi vafot etgan.

2022 yilning 25 yanvarigacha esa 16 ta holat yuz bergan, unda 9 nafar fuqaro zaxarlangan va 28 nafar fuqaro is gazi qurboni bo‘lgan.

Tahlillarga ko‘ra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan:

  • fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;
  • nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;
  • isitish pechlarining dudbo‘ronlarini noto‘g‘ri o‘rnatish;
  • gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;
  • havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari)dan foydalanish;
  • havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish shular jumlasidan.

Bundan tashqari, FVV gaz-havo aralashmasi natijasida yuzaga kelgan chaqnash, portlash hamda yong‘inlar bo‘yicha tahlilni keltirdi. Ulardan:

  • 30 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi;
  • 23 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish;
  • 20 foizi isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalarining buzilishi;
  • 9 foizi bolalar sho‘xligi oqibatida;
  • 8 foizi chekishdagi ehtiyotsizlik;
  • 3 foizi gaz jihozlaridan foydalanish qoidalarining buzilishi;
  • shuningdek, 16 tasi havo va gaz aralashmasining chaqnashidan sodir bo‘lgan.

Keltirilishicha, aynan qish mavsumida o‘rtacha har 3 ta yong‘inning bittasi isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki nosoz va nostandart isitish moslamalarining ishlatilishidan kelib chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, 2021−2022 yilgi isitish mavsumi boshlanishidan 18 yanvargacha bo‘lgan davr ichida — respublika bo‘yicha is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 40 ta holatda 24 kishi jabrlangani va 54 kishi vafot etgani haqida xabar bergan edik.