15 sentabr kuni huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan Toshkent shahrining Olmazor tumanida yashovchi 10 nafar “Xizb ut-Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti a’zolari sifatida gumon qilingan shaxslarning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu shaxslarning barchasi muqaddam mazkur tashkilot safida sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o‘tab chiqqan shaxslar hisoblanadilar. Ular Internet tarmog‘i orqali xorijda yashirinib kelayotgan “Xizb ut-Tahrir” DET a’zolari bilan aloqa qilishgan.

“Ularning ko‘rsatmalari asosida aholi orasida tashkilot g‘oyalarini targ‘ib qilish va tarafdorlari safini kengaytirish bilan shug‘ullanib kelganlar”, — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, mazkur shaxslarning yashash manzillari va uyali aloqa vositalarida “Xizb ut-Tahrir” DETga tegishli bo‘lgan adabiyotlar va materiallar mavjudligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib, olib qo‘yilgan.

Hozirda ularning noqonuniy xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va javobgarlikka tortish maqsadida, tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

Avvalroq, “Gazeta.uz” Toshkent shahri va Toshkent viloyatida qidiruvdagi ikki ayol bilan muloqotda bo‘lib, ularning ko‘rsatmalari bo‘yicha “Hizb-ut Tahrir” ekstremistik tashkiloti g‘oyalarini targ‘ib qilishda gumonlanayotgan 29 nafar ayol qo‘lga olingani haqida yozgan edi.