O‘zbekistonda bo‘lib turish vizasi muddati tugayotgan Afg‘oniston fuqarolari o‘z yurtiga qaytarib yuborilmaydi, chunki mamlakatlar o‘rtasidagi chegara jismoniy shaxslar uchun yopiq. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiriga O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi vakili ma’lum qildi.

Oldinroq «Markaziy Osiyoda inson huquqlari» assotsiatsiyasi (AHRCA), inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik (IPHR) va Norvegiya Xelsinki qo‘mitasi (NHC) O‘zbekistonda bo‘lib turgan 70 dan Afg‘oniston fuqarosi o‘z yurtiga deportatsiya qilinishi mumkinligini ta’kidlagan edi. Huquq himoyachilarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil avgustining o‘rtasida «Tolibon» harakati hokimiyat tepasiga kelgach ular uch oyga O‘zbekiston vizasini olishgan va mamlakatga taklifnoma bo‘yicha emas, majburan kelishganligi uchun hozirda vizalarning uzaytirilmasligidan xavotirda.

«Hech qanday kamsitish holatlari yo‘q. Hozirda bunday masala turgani yo‘q, chunki Afg‘oniston bilan chegaramiz yopiq (jismoniy shaxslar uchun — tahr.)» — dedi IIV vakili.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston hududida 13658 nafar Afg‘oniston fuqarosi bo‘lib turibdi. Shulardan 13032 nafari vaqtincha yashayotgan bo‘lsa, ulardan ko‘plari O‘zbekistonga biznes masalalari bo‘yicha hamda qarindoshlarini ko‘rishga kelishgan.

IIV vakilining ma’lum qilishicha, Afg‘oniston fuqarolarining vizalarini uzaytirish uchun O‘zbekistondagi vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha migratsiya bo‘limlariga murojaat qilish lozim.

«Yashash maydonining egasi ruxsati bilan ular ro‘yxatga olinadi. O‘zbekiston qonunlarini va respublikada bo‘lib turish qoidalarini buzmayotgan xorijiy fuqarolarga vizalar uzaytiriladi», — deya qo‘shimcha qilishdi vazirlikda.

Avgust oyi o‘rtalarida toliblar mamlakatda hokimiyatni qo‘lga olgach, 150 nafar afg‘onlar afg‘on-o‘zbek chegarasini kesib o‘tishdi. Keyinroq ularning barchasi yangi afg‘on rasmiylaridan xavfsizlik bo‘yicha kafolatlar ostida o‘z yurtiga qaytarildi.