Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy ma’lumotlarni almashishda ehtiyotkor bo‘lisha chorladi.

Vazirlikning ta’kidlashicha, oxirgi paytlarda Telegram ijtimoiy tarmog‘ida tovlamachilik yo‘li bilan daromad orttirish maqsadida bo‘lgan ayrim shaxslar ijtimoiy muhandislik (social engineering) uslubi bilan fuqarolarning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarni (fotosurati, ismi, sharifi, telefoni, manzili va boshqalar) to‘plashga harakat qilish holatlari kuzatilgan.

Ularning bundan maqsadi keyinchalik ushbu ma’lumotlarni foydalanuvchilarning sha’ni va obro‘siga putur yetkazuvchi «post"lar ko‘rinishida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslik evaziga pul mablag‘larini undirish ekanligi ta’kidlanadi.

IIVning ma’lum qilishicha, hozirgi kunda O‘zbekistonda bunday tovlamachi kanallardan bir nechtasi aniqlangan bo‘lib, ularni yurituvchilari xorij davlatlaridan turib faoliyat ko‘rsatishadi.

Foto: IIV matbuot xizmati.

Vazirlik tomonidan ushbu va boshqa turdagi jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi barcha kanallarning yurituvchilarini elektron manzillari aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda xorijiy hamkorlarni jalb qilgan holda tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.

Tekshiruv yakunlari yuzasidan tovlamachilik qilayotgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘riladi.

«Afsuski, hozirgi kunda mazkur jinoiy kanallarni bloklashning texnik imkoniyatlari mavjud emas. Shuning uchun kanallar nomi oshkor etilmaydi», — deyiladi IIV xabarida.

IIV fuqarolardan o‘zingizning shaxsiy hayotiga aloqador bo‘lgan ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarga qo‘ymaslikni yoki begona guruh va kanallarga tarqatmaslikni, aks holda tovlamachilarning qurboniga aylanish mumkinligini eslatib o‘tdi.