O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari Ukraina fuqarosi va yana 4 kishini moliyaviy piramida tashkil etganlikla gumonlab, hibsga oldi. IIV Tergov departamenti xabariga ko‘ra, ular qimmatbaho metallar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanishni aytib, fuqarolarga katta foizlarni taklif qilishgan.

Ta’kidlanishicha, 15 yanvar kuni Ukraina fuqarosi 29 yoshli M.M. bir guruh shaxslar bilan til biriktirib, Toshkent shahrida «Golden Cash store» MCHJ shaklidagi xorijiy korxonasini ta’sis etgan.

Korxona O‘zbekiston fuqarolarini korxonadan tilla va kumush buyumlarni sotib olish yo‘li bilan yillik 260 foizgacha daromadni qo‘lga kiritish bilan qiziqtirgan.

Ular mijozlar oldidagi majburiyatlarini yangi mijozlar hisobidan go‘yoki daromad sifatida Golden cash store plastik kartalariga ma’lum miqdorda pul mablag‘larini o‘tkazish bilan qoplab kelgani aytilmoqda.

17 noyabr kuni Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan «Golden Cash Store» MCHJ ko‘rinishdagi xorijiy korxona mansabdor xodimiga nisbatan O‘zbekiston JKning 188−1 moddasi 2-qismi «v, g» bandlari (pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Davlat organining ma’lumotiga ko‘ra, navbatdagi moliyaviy piramida tashkilotchilariga O‘zbekistonning bir necha ming fuqarosi murojaat qilgan. Ularning pul o‘tkazmalari 100 dollardan 5300 dollargachani takshil etgan.

Hozirgi vaqtda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha fuqarolarga yetkazilgan zararni aniqlash ishlari amalga oshirilmoqda.