1 yanvar kuni tungi soat 00.45 larda poytaxtdagi «Samarqand darvoza» savdo majmuasi oldida Yangi yilni nishonlash uchun bir qancha fuqaro avtoyo‘lni ajratib turuvchi to‘siqqa mushakbozlik qilish maqsadida qo‘lbola usulda yasalgan «o‘t o‘chirish» moslamasini yoqishgan. Buning oqibatida moslama portlagan. Holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

IIV matbuot kotibi Shoxrux G‘iyosovning ma’lum qilishicha, mushakbozlikni telefoni kamerasiga tasvirga olayotgan fuqarolar, 1997 yilda tug‘ilgan M.S. (tashxis: qorin yumshoq to‘qimalari lat yeyishi), 1999 yilda tug‘ilgan M.A. (tashxis: o‘ng oyoq boldir, tovon sohalari yirtilgan jarohati) hamda 2006 yilda tug‘ilgan X.N. (tashxis: o‘ng oyoq panja qismi yirtilgan, majaqlangan jarohati, oyoq barmoqlari noto‘liq amputatsiyasi) turli ko‘rinishdagi jarohat olgan.

Hozirda, holat yuzasidan moslamani tayyorlagan hamda uni yoqqan shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor-qidiruv va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekistonda pirotexnika buyumlarini sotish va ulardan foydalanish taqiqlanganiga qaramasdan, Toshkentda erta tongacha mushakbozliklar davom etdi.