10 yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori Habibulla Oqilov niqob taqmaganlar masalasidagi izohi ijtimoiy tarmoqlarda turlicha talqin qilina boshlandi.

«Gazeta.uz» muxbiri aniqlik kiritish maqsadida Habibulla Oqilov bilan bog‘landi.

Uning ta’kidlashicha, niqobsiz yurganlarga ma’muriy ish ochib, jarimaga tortish mumkinligi haqida qonun bekor qilingani yo‘q.

«Bosh vazir (Abdulla Aripov) o‘sha majlisda Milliy Gvardiya bilan IIVga topshiriq berdilar, ularga (niqobsiz yurganlar — tahr.) salom berib, to‘g‘ri tushuntirib, kerak bo‘lsa o‘zinglar „iltimos, shuni taqib oling“, deb niqob beringlar dedilar. U (niqobsiz yurganlarni jarimaga tortishga oid) qonun bekor qilindi, deganlari yo‘q… Jarimaga tortilmaydi degan gap yo‘q», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar «qo‘pol qoidabuzarlik yoki niqob taqishdan bo‘yin tovlash bo‘lsa, albatta ma’muriy ish ochilib, jarimaga tortiladi». «(Bosh vazir) Niqob uyda qolib ketibdi, uzr desa, niqob beringlarda jo‘natib yuboringlar dedilar», — deya aniqlik kiritdi Habibulla Oqilov.

Niqob masalasiga oydinlik kiritish maqsadida «Gazeta.uz» muxbiri IIV Axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov bilan ham bog‘landi.

Uning aytishicha, jamoat joylarida tibbiy niqobsiz yurish bo‘yicha qoidabuzarliklar uchun jarima miqdori Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning (MJtK) 54 moddasi bilan belgilanadi. Unga ko‘ra, huquqbuzarlar BHMning 5 baravarigacha (1 mln 350 ming so‘m) jarimaga tortilishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda COVID-19`ning yangi omikron shtammi kirib kelishi munosabati bilan karantin qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish bo‘yicha IIV tomonidan belgilangan tartibdagi nazorat choralari, ya’ni fuqarolarni tibbiy niqobda bo‘lishlarini nazorat qilish, savdo va jamoat tadbirlari bo‘ladigan joylarda karantin qoidalariga rioya etishlarini nazorat qilish, tartibbuzarlarni ogohlantirish ishlari olib boriladi.

«Toshkent shahri jamaot joylarida tibbiy niqobsiz yurish bo‘yicha 9 yanvar kuniga 899 ta karantin qoidalari buzish holati aniqlangan. Ulardan 721 nafari ogohlantirilgan. Qo‘pol qoidabuzarlarga nisbatan MJtK bo‘yicha choralar ko‘rilgan. Agar fuqarolar jamoat joylarida tibbiy niqobsiz yurish hollari birinchi marotaba qayd etilsa, ular avval ogohlantiriladi. Agar fuqaro yoki yuridik shaxslar takroran yoki tartibni qo‘pol ravishda buzsa, harakatlari yomon oqibatlarga olib kelsa, ularga nisbatan qonunchilikka binoan chora ko‘riladi», — dedi Shohrux G‘iyosov.

Eslatib o‘tamiz, 9 yanvar kuni COVID-19`ga qarshi kurash bo‘yicha maxsus komissiya karantin choralarini kuchaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Barcha tashkilotlarga xodimlarni faqat emlanganidan keyin ish joyiga kiritishga ruxsat beriladi. Davlat organlariga har qanday tadbir o‘tkazish taqiqlanadi. Aholini to‘liq emlash jarayoni jadallashtiriladi.