Madaniyat vazirligi «Humo Arena» kompleksida 25 dekabr kuni bo‘lib o‘tishi reja qilingan «TikTok Fest» shou-konserti yuzasidan munosabat bildirdi.

Rossiyalik tiktokerlar Danya Miloxin, Artur Babich, Yegor Ship, Anet Sai, Vanya Dmitriyenko va Anya Pokrov ishtirok etishi kutilayotgan ushbu konsert ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘layotgandi.

Vazirlik esa bu kabi shou-konsert tomoshalarini tashkil etish vazirlik tomonidan emas, balki xususiy tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilishini ta’kidlab, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga barcha fikrlarni vakolatli mutassaddi organlarga yo‘llashni tavsiya qildi.

Qayd eilishicha, prezidentning tegishli farmoni bilan konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruxsatnoma berish — vakolatli bo‘lgan IIV, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.

«Shu asosda, konsert-tomoshalarning saviyasi, mazmun-mohiyati, g‘oyasini tahlil qilish, tomosha bo‘yicha yakuniy xulosalar berish ham mahalliy ijroiya hokimligi huzurida tashkil etilgan tuzilmaning vazifasi hisoblanadi», — deyiladi xabarda.

Vazirlik O‘zbekiston hududida o‘tkaziladigan har qanday madaniy-ma’rifiy tadbirlar, shou-tomoshalar hamda konsert dasturlari o‘zbek xalqi milliy mentaliteti, axloqiy tarbiyasi, tarixan boy madaniyati, yoshlar dunyoqarashi bu kabi shou-dasturlarni aslo qabul qilmaydi, degan fikrda.

«Madaniyat vazirligi „TikTok Fest“ shou-konsertini ma’naviy jihatdan yoshlar ongiga, dunyoqarashiga salbiy ta’sir etadi, deb hisoblaydi. Zero, bir necha ming yillardan buyon shakllanib, qon-qonimizga singib ketgan insoniy fazilatlar, odob-axloq me’yorlari ta’sirida paydo bo‘lgan tarbiyamiz ham buni rad etadi», — deyiladi vazirlik munosabatida.

Ëshlar ishlari agentligi axborot va Media xizmati rahbari Nodir Abduqodirovning yozishicha, vaziyat bo‘yicha o‘rganishlar olib borilgan va TikTok Fest konserti bekor qilingan. Shu kuni Humo arenada boshqa tadbir o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida O‘zbekistonda Twitter, TikTok va VKontakte ijtimoiy tarmoqlaridan foydalanish cheklangan edi.