Ijtimoiy tarmoqlarda Mo‘ynoqda ommaviy mushtlashuv ro‘y bergani haqidagi xabar va videolavhalar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov izoh berdi.

Qoraqalpog‘iston IIVning ma’lumotiga ko‘ra, 10 avgust kuni soat 18:00 da Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida joylashgan “Orol” stadionida tumanning “Mo‘ynoq siti” va “Jayxun” jamoalari o‘rtasida hududiy bosqichi bo‘yicha futbol o‘yini bo‘lib o‘tgan.

“Ushbu uchrashuvning 67-daqiqasida ikkita jamoa o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan va ayrim tomoshabinlar tomonidan o‘yinni boshqargan bosh hakamning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib maydon tomonga chiqib ketish holati yuz bergan”, deyiladi xabarda.

Stadionga jamoat tartibini saqlash maqsadida biriktirilgan tuman IIB va Milliy Gvardiya xodimlari janjalni to‘liq bartaraf etgan va fuqarolar tomonidan tartib buzilishiga yo‘l qo‘ymagan.

Ta’kidlanishicha, ushbu holat oqibatida o‘yin ishtirokchilari, hakamlar va tomoshabinlar orasida tan jarohatini olib kasalxonaga murojaat qilganlar bo‘lmagan.

Hozirda, jamoat tartibini buzishga sababchi bo‘lgan fuqarolarning barchasini shaxsi aniqlanib, ularning harakatlariga huquqiy baho berish bo‘yicha surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda.