O‘zbekistonda keng miqyosda elektr energiyasi o‘chirilishi munosabati bilan «jamoat tartibini saqlash, yo‘llarda tartibni ta’minlash, fuqarolar va ularning mulklariga ziyon yetkazilishini oldini olish tadbirlariga Ichki ishlar vazirligining barcha shaxsiy tarkibi jalb etilgan», — deya xabar qildi IIV matbuot xizmati.

Xozirgi vaqtda, respublikada mavjud patrullik yo‘nalishlariga qo‘shimcha ravishda 6600 dan ziyod yo‘nalishlar tashkil etilib, 1400 dan ortiq maxsus avtotransport va 12 ming nafardan oshiq shaxsiy tarkib xizmat olib bormoqda. «102» xizmati shtat rejimida ishlamoqda.

IIV fuqarolardan xavfsizlik choralari vaqtincha kuchaytirilganligini to‘g‘ri qabul qilgan holda «xodimlarning talablariga so‘zsiz rioya qilishlarini va imkon qadar tungi vaqtlarda uyda bo‘lishlarini» so‘radi.

Toshkent IIBB «Gazeta.uz» poytaxtda kun davomida sokinlik hukm surganini ma’lum qildi. Svetoforlar ishlamagan barcha yirik chorrahalarda yo‘l nazorati xodimlari navbatchilik qilishdi.