Toshkentda metro vagonida 13 yoshli qizga nisbatan behayo harakatlarda gumon qilingan erkak qidirilayotgani haqida xabar bergan edik. Hodisa 18 sentabr kuni soat taxminan 17:00larda Toshkent metropolitenining «Olmazor» bekatida sodir bo‘lgan. Qiz erkakning harakatlarini videoga olib, internetda e’lon qilgan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxrux Giyasov xabar berishicha, qidirilayotgan shaxs qo‘lga olindi.

U ilgari Jinoyat kodeksining 166 (talonchilik), 169 (o‘g‘irlik) hamda 127 (voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun sudlangan, Toshkent shahrining Olmazor tumanida yashovchi, 1989 y.t., fuqaro K.Sh. ekanligi aniqlandi, deyiladi xabarda.

Hozirda, IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti tomonidan mazkur shaxsning harakatlarida voyaga yetmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish jinoyatining alomatlari mavjudligi tekshirilmoqda.

«Agar siz yoki yaqinlaringiz ushbu fotosuratda ko‘rsatilgan shaxsning harakatlaridan jabrlangan bo‘lsangiz, darhol 102 raqamiga yoki yaqin oradagi ichki ishlar organiga xabar berishingiz so‘raladi», — deyiladi xabarda.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov xabar berishicha, ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 129-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.