Joriy yilning 26 noyabr kuni Qoraqalpog‘istonda IIV huzuridagi Jazoni ijro etish muassasalarining uch nafar xodimi videoselektor yig‘ilishidan xizmat manziliga qaytishda YTH oqibatida vafot etdi.

JIED axborot xizmatining xabar berishicha, voqea soat 00:10 lar atrofida Xo‘jayli tumani hududidan o‘tuvchi A-380 «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Buyneu» avtomobil yo‘lining 708 kilometrida sodir bo‘lgan.

Jazoni ijro etish xizmati xodimi I.I xizmat joyidan yashash xonadoniga qaytayotgan vaqtda o‘ziga tegishli bo‘lgan «Cobalt» avtomashinasini boshqarayotib, qarama-qarshi tomonlarni ajratib turuvchi beton to‘siqqa urilishi natijasida yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Hodisa natijasida transport vositasida bo‘lgan JIEM xodimlari M.X hamda X.X lar og‘ir tan jarohati olib voqea joyida, I.I esa ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan Xo‘jayli tuman tibbiyot birlashmasida vafot etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda 27-con manzil koloniya boshlig‘i podpolkovnik R.E.Erboyevning JIED oltinchi mintaqaviy hudud, mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi boshlig‘i podpolkovnik Sh. M.Radjabovga yuborgan xabarnomasi tarqaldi.

Foto: TentakMinds.

Xatda qayd etilishicha, mayorlar 2-son tergov hibsxonasiga videoselektor yig‘ilishiga borib, koloniyaga qaytishda vafot etgan:

  • Oltinchi mintaqaviy hudud 27-son manzil koloniyasi boshlig‘ining ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari mayor Isakov Islam Tolыbayevich;
  • Uchinchi mintaqaviy hudud 30-son manzil koloniyasi ishlab chiqarish korxonasi bosh muhandisi Xolbo‘tayev Xurshid Shoqosim o‘g‘li — 27-son manzil koloniyasiga xizmat safari maqsadida kelgan;
  • Birinchi mintaqaviy hudud 50-son manzil koloniyasi Tartibot bo‘linmasi boshlig‘i lavozimida xizmat qilayotgan, farmoyish asosida 46-son manzil koloniyasiga biriktirilgan mayor Xalilov Murodullo Salimovich;

Hozirda mazkur holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.