Tekshiruv vaqtida haydovchini suratga oladigan yangi namunadagi alkotesterdan foydalanish boshlandi. Shu kabi uskunalarning 150 donasi butun respublika bo‘ylab yo‘l patrul xizmati xodimlariga tarqatildi, deb xabar bermoqda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi.

Ta’kidlanishicha, yo‘l patrul xizmati xodimi haydovchini alkogol iste’mol qilganlikda gumonlasa, ushbu moslamadan foydalangan holda buni avtomobil to‘xtatilgan joyning o‘zida tekshirish mumkin bo‘ladi.

Moslamaga shuningdek, tekshiruv jarayonida qo‘llaniladigan bir martalik puflash uchun uskuna ham qo‘shib taqdim etiladi.

Qurilma ikkita — aktiv va passiv rejimda ishlatiladi. Passiv rejimda alkotesterning puflash tomoni haydovchiga qaratiladi va uning og‘zidan chiqqan etanol bug‘i haydovchini spirtli ichimlik iste’mol qilgani yoki yo‘qligini aniqlab beradi. Agarda u mast holda bo‘lsa, alkotesterdagi milligramm ko‘rsatkichi ko‘tariladi.

Holat tasdiqlangach, buni aniqroq tekshirish uchun qurilma aktiv rejimga o‘tkaziladi. Bunda puflash uchun mo‘ljallangan bir martalik uskunadan foydalaniladi.

«Alkotesterda kamera bo‘lib, puflash jarayonida haydovchining yuz qismini tasvirga oladi va chekda aks ettadi», — deyiladi xabarda.

Haydovchi og‘zidan chiqqan bug‘ konsentratsiyasi 0,135 milligramm va undan yuqori bo‘lsa, u spirtli ichimlik iste’mol qilgan deb topiladi va tegishli ravishda bayonnoma tuziladi.