8−9 oktabr kunlari Xalq ta’limi, Ichki ishlar, hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida maktablarda «Tig‘» va «Davomat» tadbirlari o‘tkazildi.

XTV matbuot kotibi Laylo Rustamovaning «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, reyd tadbirlari O‘zbekistonning barcha hududlaridagi 9902 ta maktabda o‘tkazilgan va 2832 nafar o‘quvchi darslarni sababsiz qoldirgani aniqlangan.

Shundan:

  • 439 nafari internet-kafeda;
  • 68 nafari tungi internet klubda;
  • 338 nafari bozorlarda savdo-sotiq va aravakashlik;
  • 39 nafari daydilik;
  • 15 nafari esa jamoat transportida chiptachilik bilan shug‘ullanib yurgani ma’lum bo‘lgan va ta’limga jalb etilgan.

«Shu bilan birga ota-onalar nazorati va qarovisiz qolgan 1542 nafar o‘quvchi aniqlanib, ular ta’lim olishi uchun maxsus maktab-internatlarga joylashtirildi», — deyiladi xabarda.

Reyd natijasida sababsiz darslarda qatnashmayotgan, nazoratsiz qolganligi aniqlangan o‘quvchilarning ota-onalari hokimliklar huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalarining yig‘ilishlariga jalb etilib, yuqoridagi holatlar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Xalq ta’limi vazirligi murojaat bilan chiqdi. «Barcha ota-onalardan farzand tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashishlarini, farzandlari uydan chiqayotganda uning portfelida va yonida o‘tkir tig‘li jismlar mavjud emasligini ko‘zdan kechirishni, maktabga o‘z vaqtida borayotganini nazoratga olishlarini so‘rab qoladi», — deyiladi unda.