Fuqaro A.U. Qoraqalpog‘istonda olib borayotgan tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilib, mahsulotini YPX maskanlari orqali Xorazm viloyati hududiga o‘tkazishga ruxsat berish evaziga bir guruh shaxslar tomonidan pul talab qilinayotgani yuzasidan ariza kelib tushgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xabar berishicha, shu asosda 2−3 noyabr kunlari DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Xorazm viloyat boshqarmasi va agentlik hamkorligida tadbir o‘tkazilgan.

Unda fuqaro K.U. tadbirkordan 50 ta yuk mashinasi uchun 3,5 mln so‘mdan jami 175 mln so‘m miqdoridagi pulni pora sifatida olayotgan vaqtda jinoyat ustida qo‘lga olindi.

Dastlabki surishtiruvda, K.U. qo‘lga kiritilgan pul mablag‘larini sherigi A.X.ga olib borib berishi kerakligini, u esa ushbu pullarni Qoraqalpog‘iston IIV xodimlariga berishi lozimligini ma’lum qildi. Shunga ko‘ra, sherigi A.X.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab ariza bilan murojaat qildi.

Ushbu arizaga asosan o‘tkazilgan tadbirning navbatdagi qismida fuqaro A.X. jami 50 ta yuk mashinasini navbatma navbat YPX maskanidan o‘tkazib olishga kelishib, 10 ta mahsulot ortilgan yuk mashinalari uchun 35 mln so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini olayotgan vaqtda jinoyat ustida qo‘lga olindi.

O‘z navbatida, A.X. tadbirni davom ettirishini ma’lum qiladi va holat bo‘yicha ariza bilan murojaat etadi. Kelishuvga asosan «Shadli aul» YPX maskanida xizmat olib borayotgan, Qoraqalpog‘iston IIV xodimi R.E. vaqt oz qolganligi va tong otgunigacha ulgurish kerakligi aytib, 3 ta mahsulot yuklangan transport vositalarinigina o‘tkaza olishini bildiradi.

«Arizaga muvofiq, o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston IIV xodimi R.E. fuqaro A. X.dan pul mablag‘larini olgan vaqtda jinoyat ustida qo‘lga olindi», deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan yuqoridagi shaxslarga nisbatan Xorazm viloyati prokuraturasi tomonidan JKning 168-moddasi 4-qismi (Firibgarlik) va 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 211-moddasi 3-qismi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.