O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Pulat Bobojonov IIVning yangi tuzilgan Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘iga o‘rinbosarlarni tayinladi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

IIV tizimida Jamoat xavfsizligi departamenti prezidentning 29 noyabrdagi O‘zbekiston jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlashga oid farmoni bilan tashkil etilgandi. Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Bekmurod Tojimirzayevich Abdullayev bir vaqtning o‘zida departamentga ham rahbarlik qiladi (u avvalroq, IIV Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan).

Departament va uning hududiy bo‘linmalari tarkibiga — jamoat tartibini saqlash (avval — Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi), huquqbuzarliklar profilaktikasi (avval — Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi), yo‘l harakati xavfsizligi (avval — YHXBB) va probatsiya xizmatlari kiritildi.

Olim Saidov.

Polkovnik Olim Choriqulovich Saidov IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari — yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. U tayinlovgacha IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Baxtiyor Berdialiyev.

Polkovnik Baxtiyor Erkinovich Berdialiyev IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari — huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

Davron Azizov.

Podpolkovnik Davron Abduganiyevich Azizov IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari — jamoat tartibini saqlash xizmati boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi. Azizov tayinlovga qadar IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari — huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Amanbay Orinbayev.

Polkovnik Amanbay Tleubayevich Orinbayev IIV Probatsiya xizmati boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar IIV Jamoat tartibini saqlash xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.