Yanvar oyida ekologlar Toshkent issiqlik elektr stansiyasi (ToshGRES)ning havo va tuproqqa ta’sirini o‘rgandi. Aniqlangan zarar 1 mlrd so‘mga baholanmoqda, deb xabar qildi Ekologiya vazirligi. IES asosiy yoqilg‘i sifatida gazdan foydalanadi, lekin ba’zida mazut yoqadi, shuning uchun poytaxtni tutun qoplagan.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga Otabek Hasanov rahbar etib tayinlandi. U bunga qadar Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori birinchi o‘rinbosari edi.
DXX Sirdaryoda 46 sotix yerni 46,5 ming dollarga, Namanganda 36 sotix yerni 25 ming dollarga va Qashqadaryoda 25 sotix davlat zaxirasidagi yerni 300 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxslarni ushladi.
Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning ayrim moddalari talablarini buzgan shaxslarni javobgarlikka tortish vakolati berildi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori lavozimida ishlab kelgan Kongratbay Sharipov oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri lavozimiga tasdiqlandi.
2019-yilning sentabridan buyon Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari sifatida ishlagan Minhojiddin Hojimatov (Minhojiddin Mirzo) ishdan olindi. U Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Sakkizta film premyerasi, teatrlashtirilgan tomoshalar, “Sahna” stendap klubida yumoristik tadbirlar, bolalar mahorat darslari va shoulari, musiqiy kechalar va dam olish kunlaridagi boshqa tadbirlar — Afisha.uz jamlanmasida.
O‘zMTRKni salkam 20 yil boshqargan Alisher Xodjayev lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga bosh vazir kotibiyati rahbari bo‘lib ishlagan Abdurashid Jo‘raboyev tayinlandi.
Toshkentda metro vagonida qizga shilqimlik qilgan erkakka nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Sudda erkak o‘z aybini tan olmagan. Qiz erkakning harakatlari atayin amalga oshirilgani va “Buyuk ipak yo‘li” bekatida uni ta’qib qilganini ma’lum qilgan.
Prezident Navoiy va Olmaliq KMK, “O‘zmetkombinat” va “Navoiyuran”ni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. NKMK oltin zaxiralarini 1000 tonnaga oshirishni, OKMK mis ishlab chiqarishni 170 ming tonnaga yetkazishni, “O‘zmetkombinat” esa ishlab chiqarish tannarxini 20 foizga kamaytirishni reja qilmoqda.
Oila instituti 3 mingdan ortiq odam o‘rtasida oilalarning baxtlilik darajasini tahlil qildi. Indeksda Xorazm, Sirdaryo, Namangan viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi eng yuqori, Toshkent shahri, Jizzax va Farg‘ona viloyatlari esa quyi o‘rinni egalladi. Tahlil natijalari.
3−4-fevral kunlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tog‘laridagi dam olish maskanlariga borish uchun transport harakati bir tomonlama tashkil etiladi. Bunda ob-havo sharoiti, fuqarolarning tashrifi ortishi va yo‘llardagi tirbandlik inobatga olingan.
Eron TIV mamlakatga sayyoh sifatida keladigan 28 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari 4-fevraldan vizasiz kira olishini ma’lum qildi. Bunday qaror orqali Eron haqidagi salbiy propaganda va eronofobiyaga chek qo‘yilishi bildirilgan.
Kasbi tumanida Toʼpalang HPD Holding MCHJ mas’ullari kanal qirg‘og‘idagi 150 tup daraxtni ildizlari bilan qo‘porib oldi. Buning oqibatida tabiatga 1,1 mlrd so‘m zarar yetgan. Aybdorlarga chora ko‘rish maqsadida hujjatlar prokuraturaga yuborildi.
Shanba kuni O‘zbekistonga nam havoning yangi qismi kirib kela boshlaydi. Joylarda asosan yomg‘ir yog‘adi. Yakshanbada ba’zi hududlarda yomg‘ir, qor yog‘ishi, tuman tushishi kutilmoqda. Harorat kunduzi +3…+8 daraja iliq, kechasi 0…-5 daraja sovuq bo‘ladi.
Prezident farmoni bilan O‘zbekistonda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi (International Digital Technology Center) tashkil etildi. Markazda 2024-yil 1-iyundan 5 yilgacha bo‘lgan muddatga xorijiy kompaniyalar uchun qo‘llaniladigan maxsus huquqiy rejim eksperiment tariqasida joriy qilinadi.
Bektemir tumanidagi “Bekuz kelajak” issiqxonasi olov yoqishda avtomobil shinalaridan foydalangani va filtrlovchi moslamalari nosoz ekani aniqlandi. Hozirda holat yuzasidan atrof-muhitni ifloslantirganlik bo‘yicha hisob-kitob ishlari olib borilmoqda.
Chilonzor tumanida 13 yoshli bolaning yonidan pirotexnika vositasi chiqqach, PPX xodimlari uni mashinaga majburlab o‘tirg‘izdi. Bola boshidan lat yegan va qattiq qo‘rqqan. Ikki xodimga hayfsan berildi. Bolalar ombudsmani so‘roviga ko‘ra holatni prokuratura o‘rganmoqda.
Toshkentda 52-sonli avtobus haydovchisi yo‘lovchilar avtobusga chiqib ulgurmasidan eshiklarini yopib oldi. Oqibatda ayol va uning qizi jarohatlandi. Haydovchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Tarmoqlarda Surxondaryoda maktab bolalari qoniqarsiz yo‘ldan maktabga ketayotgani videosi tarqaldi. Viloyat hokimligi yo‘ldagi qor qoplami erigach, ta’mirlash ishlari boshlanishini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting