Toshkent shahri Bektemir tumanidagi “Bekuz kelajak” issiqxonasi tomonidan atmosferaga zaharli gazlar chiqarilayotgani aniqlandi, deya xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, issiqxonaning filtrlovchi moslamalari nosoz ekani aniqlangan. Shuningdek, bu yerda olov yoqishda avtomobil shinalaridan foydalanilgan, ekologik ekspertizadan o‘tmagan va “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilgan.

Holat yuzasidan issiqxona mas’ul xodimidan tushuntirishi xati olingan. Qozonxonani ta’mirlash, maxsus chang-gaz ushlab qoluvchi filtrlarni yangilash hamda avtotransport shinalarini yoqmaslik to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Vazirlik matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga qo‘shimcha qilishicha, ulardan ifloslantirganlik bo‘yicha kompensatsiya undiriladi. Hozirda holat yuzasidan tegishli chora ko‘rish va atrof-muhitni ifloslantirganligi bo‘yicha hisob kitob ishlari olib borilmoqda.

Ekologiya vazirligi “Gazeta.uz”ga Toshkent atrofida ko‘mirdan foydalanadigan issiqxonalar sabab “yashil halqa” o‘rniga “kulrang halqa” hosil bo‘lgani haqida xabar qilgandi. Vazirlik havo ifloslanishining asosiy sabablari qatorida iqtisodiyot tarmoqlarining ko‘mirga bo‘lgan talabi ortib borayotgani, xususan, issiqxona xo‘jaliklarining ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishga o‘tkazilishi qayd etgan.

Shuningdek, vazirlik Toshkent shahrida havo sifatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar loyihasi haqida ma’lumot bergandi. Issiqxona hamda zavodlarda chang-gaz filtrlarini o‘rnatish, Ai-80, IESlarda ko‘mir hamda mazutdan foydalanishni taqiqlash va boshqalar shular jumlasidandir.