Toshkent shahrida metroda qizga shahvoniy shilqimlik qilgan erkakka nisbatan sud hukmi o‘qildi. “Gazeta.uz” sud qarori aks etgan hujjatni o‘rgandi.

Sud 2024-yil 31-yanvar kuni yopiq tarzda o‘tkazilgan. Unga ko‘ra, 1993-yilda tug‘ilgan fuqaro M.A. (erkak) V.A. (ayol)ning tanasiga qadalib turish orqali uning uchun nomaqbul bo‘lgan hamda sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan shahvoniy shilqimlik qilgan.

Sud majlisida M.A. yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan holatdagi huquqbuzarlik harakatiga iqrorlik bildirmagan. U ish qidirib “Chilonzor” bekatiga ketadigan elektropoyezdga chiqqani, ushbu elektropoyezdga V.A. ham chiqqani, odamlar ko‘p bo‘lgani sababli poyezd harakatlanishi boshlanganda V.A. orqaga ketib qolgani, u esa yiqilib tushmasligi uchun uning yelka qismidan ushlab qolganini aytib, ko‘rsatuv berdi.

Sud majlisida V.A. va uning qonuniy vakili ham o‘z ko‘rsatmalarini bayon qildi. Qiz erkakning ko‘rsatuvlarini tasdiqlamadi. Uning ta’kidlashicha, erkak dastlab elektropoyezdga chiqqan vaqtida bir marotaba unga qadalib turgan, shunda qiz ushbu harakatlar atayin sodir qilinmadi deb o‘ylagan va ahamiyat bermagan.

Ammo M.A. qiz tomonga qadalib kelavergan. Poyezdda qizga joy berishganidan so‘ng u bo‘sh joyga o‘tirgan. “Buyuk ipak yo‘li” bekatiga kelganida M.A. tushmasdan, uni vagonda kutib o‘tirgan va orqasidan kelgan.

Qiz shu sababli M.A. unga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilayotganini tushunganini aytib, unga nisbatan og‘ir jazo tayinlashni so‘ragan.

Sud hukmiga ko‘ra, M.A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida (Shahvoniy shilqimlik qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Jazo o‘talganidan so‘ng huquqbuzardan Toshkent shahri IIBB Ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qamoqxonasi foydasiga saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uchun ma’muriy qamoqning har bir sutkasi uchun BHMning 15 foizi miqdorida pul undirilishi belgilandi.