1-fevral kuni “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni [PF-25-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Farmon bilan Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi (International Digital Technology Center — “ENTERPRISE UZBEKISTAN”) tashkil etildi.

2024-yil 1-iyundan 5 yilgacha bo‘lgan muddatga markazda xorijiy kompaniyalar uchun qo‘llaniladigan maxsus huquqiy rejim eksperiment tariqasida joriy qilinadi.

Shuningdek, Markaz hududida eksperiment tariqasida quyidagi sohalarda maxsus huquqiy rejim joriy etiladi:

  • raqamli texnologiyalar sohasida innovatsiyalar, xizmatlar va biznes mahsulotlarini ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish bo‘yicha “tartibga solish qumdoni”ni joriy etish;
  • bojxona va soliqqa tortish;
  • mehnat munosabatlari;
  • moliya va bank faoliyati;
  • shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish;
  • davlat xizmatlarini ko‘rsatish;
  • intellektual mulkni himoya qilish;
  • tijorat va fuqarolik nizolarini ko‘rib chiqish.

Bunda Raqamli texnologiyalar vazirligi maxsus huquqiy rejimni joriy etish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.