Toshkent viloyati Qibray tumani Salar shaharchasida joylashgan “Toshkent issiqlik elektr stansiyasi” (ToshGRES) atrof-muhitni muhofaza qilish qonunchiligini buzganlik, shu jumladan, atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqarganlik uchun kompensatsiya to‘laydigan bo‘ldi. Bu haqda Ekologiya vazirligi “Gazeta.uz”ga xabar berdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, issiqlik ishlab chiqarishda asosiy yoqilg‘i sifatida gazdan foydalanadigan, biroq qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida mazutni yoqayotgan korxonada 23−31-yanvar kunlari tekshiruv o‘tkazilgan.

Ekologlar Toshkent issiqlik elektr stansiyasi yaqinida havo sifatini o‘rganmoqda.

Tekshiruv natijasida issiqlik elektr stansiyasiga 1 milliard 23 million so‘m (83,3 ming dollar), jumladan, mazut yoqish oqibatida atmosferaga chiqarilayotgan zararli chiqindilar uchun 759 million so‘m, yerlarga neft mahsulotlari to‘kilgani bo‘yicha 264 mln jarima belgilangan.

Ekologlar 16 banddan iborat majburiy ko‘rsatmalar bergan.

Yig‘ilgan hujjatlar IES mansabdor shaxslarining yo‘l qo‘ygan kamchiliklari bo‘yicha harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida sudga taqdim etilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar qildi vazirlik.

Tutunlarning “Gazeta.uz” tahririyati ofisidan ko‘rinishi, 2024-yil, 2-fevral.Tutunlarning “Gazeta.uz” tahririyati ofisidan ko‘rinishi, 2024-yil, 2-fevral.

Toshkent issiqlik elektr stansiyasi, 2024-yil 2-fevral. Foto: Troll.uzToshkent issiqlik elektr stansiyasi, 2024-yil 2-fevral. Foto: Troll.uz

“Gazeta.uz” 14-dekabr kuni Toshkent IES trubalaridan chiqqan tutunga e’tibor qaratgandi. Energetika sohasida ishlovchi manbamizga ko‘ra, havoning yuqori darajada ifloslanishi issiqlik ishlab chiqaruvchi korxonalarda mazut yoqilgani bilan bog‘liq.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2023-yil noyabr oyida deputatlarning elektr va gazning yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan taqchilligini qanday qoplanishi haqidagi savollariga javob berarkan, mazutning katta zaxirasi shakllanganini aytgandi. Unga ko‘ra, buning uchun zaxira ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalaniladi. Xususan, o‘tgan yilning noyabr oyida elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 1800−2600 tonna mazut yoqilgan bo‘lsa, 2023 yi noyabrida bu ko‘rsatkich kuniga 100−200 tonnani tashkil etib, 340 ming tonna mazut zaxirasini (avval 46 ming tonna bo‘lgan) shakllantirish imkonini bergan.

“Anomal sovuq havoda [mazutdan foydalanishni] kuniga 10 ming tonnagacha oshirish mumkin. 10 ming tonna mazut yoqish orqali kuniga 10 million kVt/soat elektr energiyasi taqchilligini qoplaymiz”, — degan u.

Avvalroq Ekologiya vazirligi tomonidan aholini issiqlik bilan ta’minlash uchun qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida issiqlik stansiyalari tomonidan mazutdan foydalanish havo ifloslanishining sabablaridan biri sifatida keltirilgandi. Agar 2018-yilda 6,8 million tonna iste’mol qilingan bo‘lsa, 2022-yilda 8,3 million tonnadan ortgan. Bundan tashqari, Toshkent viloyatidagi Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasida ko‘mirdan foydalanish 2 barobarga oshgan.

Vazirlik, shuningdek, Toshkent shahridagi havo sifatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar loyihasi haqida ham ma’lumot bergan. Issiqxona hamda zavodlarda chang-gaz filtrlarini o‘rnatish, Ai-80, IESlarda ko‘mir hamda mazutdan foydalanishni taqiqlash va boshqalar shular jumlasidandir. Prezident o‘tgan hafta ushbu chora-tadbirlarning aksariyatini amalga oshirishni topshirgan.