DXX Sirdaryo, Namangan va Qashqadaryo viloyatida yer maydonlarini noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxslarni qo‘lga oldi, deya xabar qildi idora matbuot xizmati.

Sirdaryo viloyatiнинг Oqoltin tumanida yashovchi 34 yoshli fuqaro xususiy tadbirkor maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarini qurib, foydalanishi uchun ajratilgan 88 sotix yer maydonining 26 sotixini va unga tutash bo‘lgan, tuman o‘rmon xo‘jaligi zaxirasidagi 20 sotix yer maydonini ham go‘yoki o‘ziga tegishli ekanini aytib, xaridorga 46,5 ming dollarga sotish hamda kadastr tizimida ishlovchi tanishlari orqali hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pulni olgan vaqtida ushlangan.

Xovos tumanida kuzatilgan holatda esa 42 yoshli shaxs dehqonchilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyatga tegishli 52 gektar sug‘oriladigan yer maydonini hokimiyat tizimida ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga 312 million so‘m talab qilgan. Ammo u so‘ralgan puldan 10 ming dollarini oldindan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi 28 yoshli fuqaro hokimlik zaxirasida bo‘lgan 36 sotix yer maydonini go‘yoki o‘ziga tegishli ekanini aytib, xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga talab qilgan 25 ming dollardan 10,6 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.

Qashqadaryo viloyatiнинг Chiroqchi tumanida yashovchi 52 yoshli shaxs va Davlat kadastrlar palatasining Shahrisabz tuman filiali xodimi o‘zaro til biriktirib, Shahrisabz tumani hududidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 13 sotix va turar joy sifatida foydalanib kelinayotgan 12 sotix — jami 25 sotix davlat zaxirasidagi yer maydonini arxitektor tanishlari orqali noturar joy toifasiga o‘zgartirib, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 300 million so‘m talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda chiroqchilik fuqaro 10 ming dollar, Davlat kadastrlar palatasining Shahrisabz tuman filiali xodimi esa 800 dollar olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.