Tarmoqlarda patrul-post xizmati xodimlari maktab o‘quvchisini xizmat mashinasiga majburlab o‘tirg‘izgani aks etgan video tarqaldi. Bolalar ombudsmani holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Lavhada avvaliga xodimlar bola bilan suhbatlashgani, so‘ng ularning biri bolani ko‘tarib, mashina ichiga majburan tiqqanini ko‘rish mumkin. Shu vaqtda bola og‘riqdan baqirgani eshitiladi. Videoda, shuningdek, ayollar hodisa joyiga kelib, xodimlar bilan gaplashgani va mashina eshigini ochgani aks etgan.

Aniqlanishicha, holat 2023-yil 22-dekabr kuni Chilonzor tumani Chilonzor-3 mavzesida sodir bo‘lgan. PPX xodimlari Sh. M. va A.O. 2011-yilda tug‘ilgan K.P.da pirotexnika vositalari borligini aniqlab, bolani xizmat mashinasiga kuch ishlatib, majburan o‘tqazishga uringan, shu tariqa unga nisbatan qo‘pol va nomaqbul munosabatda bo‘lgan.

Oqibatda bola bosh sohasidan lat yegan va qattiq ruhiy qo‘rqish holatiga tushgan.

Bolalar ombudsmanining ta’kidlashicha, ichki ishlar xodimlariga nisbatan holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, ularning harakatlarida voyaga yetmagan bolaga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lish hamda IIV Kasb madaniyati kodeksini buzish holatlari yuzasidan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llangan.

“Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining bola manfaatlariga zid bo‘lgan bu kabi harakatlariga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi va bunga javoban qonun doirasidagi qat’iy chora ko‘rilishi shart”, deya qo‘shimcha qildi bolalar huquqlari vakili.

Hozirda ombudsman so‘roviga ko‘ra Toshkent shahri prokuraturasi holatga huquqiy baho berish masalasini o‘rganmoqda.

2022-yil yozida Toshkentning Yashnobod tumanida PPX inspektori voyaga yetmagan bola bilan qo‘pol muomalada bo‘lgani aks etgan video tarqalgandi. Xodim bolaga uning videosi, jumladan, “yuzini internetga chiqarishga haqqi yo‘qligini” aytib, aks holda, uni va ota-onasini sudga berish bilan qo‘rqitgan.

“Ichki ishlar organlari xodimlari yodingizda tuting. Siz xalqning xizmatidasiz. Sizning har bir harakatingiz fuqarolarning ko‘z oldida bo‘lgani uchun odamlar sizning xizmatingizni tasvirga olishiga doim tayyor turing. Kameradan hech ham cho‘chimang, asabiylashmang. Har qanday vaziyatda xizmatingizni davom ettirishga shay bo‘ling”, — deya IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov xodimlarga murojaat qilgandi o‘shanda.

2023-yil kuzida esa Farg‘ona shahrida farzandi bilan tilanchilik qilayotgan ayolni tepib, mashinaga o‘tirishga majburlagan PPX xodimi ishdan bo‘shatilgan. Viloyat IIB ayol “faol qarshilik ko‘rsatib, qo‘lidagi bolasini yerga tashlab yubormoqchi bo‘lgan”ini bildirgan.