O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining raisi Alisher Jurakulovich Xodjayev lavozimidan ozod etildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Uning o‘rniga Abdurashid Abduvohidovich Jo‘raboyev MTRKning yangi raisi etib tayinlandi. U bunga qadar bosh vazir kotibiyati rahbari sifatida ishlab kelayotgandi.

абдuрашид жўрабоев, алишер ходжаев, мтрк
Foto: O‘zA.

Alisher Xodjayev 2005-yil aprelidan 2017-yil boshiga qadar MTRK rahbari bo‘lgan. 2017-yil boshida ishdan ketgan va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Bu orada MTRKni bir muddat Xurshid Mirzohidov boshqargan. U bu lavozimda yarim yil — 2017-yil avgustiga qadar faoliyat yuritgan. So‘ng Bobur Alixonov bir oyga yaqin vaqt davomida televideniyega rahbarlik qilgan. Biroq 2017-yil avgust oyi oxirida u lavozimdan olinib, avgust oylarida yana Alisher Xodjayev MTRK raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Ma’lumot uchun, Alisher Xodjayev 1963-yili Toshkent viloyatida tavallud topgan, 1985-yili Samarqand davlat universitetini tamomlagan. 1996-yildan 1998-yilga qadar “KomUzAziya” kompaniyasida, 1998−2001-yillarda esa UzPAK kompaniyasida bosh direktor lavozimida mehnat qilgan.

2001−2002-yillarda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari, 2002−2005-yillarda O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligining (hozirgi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi) rahbari o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident 2023-yil noyabr oyida MTRKga ajratilgan kredit bo‘yicha kechiktirilgan to‘lovlar uchun hisoblangan penyalarni hisobdan chiqarish, shuningdek, uni qaytarishda davlat budjeti ulushini oshirishga oid qarorni imzolagan. Dastlab 22,5 mln yevro qarzni teng taqsimlash rejalashtirilgan bo‘lsa, endi 93 foizi budjet hisobidan qoplanadi.