Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ali-Reza Bigdeli mamlakatga sayyoh sifatida keladigan 28 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari 4-fevraldan boshlab vizasiz kira olishini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda IRNA axborot agentligi.

Uning ta’kidlashicha, 28 ta davlat qatoriga Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA, Bahrayn, Quvayt, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tunis, Tanzaniya, Mavritaniya, Zimbabve, Mavrikiy, Seyshel orollari, Yaponiya, Indoneziya, Singapur, Kuba, Vetnam, Kambodja, Bruney, Braziliya, Meksika, Peru, Xorvatiya, Serbiya, Bosniya va Gersegovina, Belarus va Hindiston (havo orqali) bor.

Hindiston fuqarolari Eronga havo transportidan foydalangan holda kirgandagina vizasiz rejim amal qiladi, ammo agar ular quruqlikdagi chegaralar orqali kirmoqchi bo‘lsa, viza olishlari kerak.

2023-yil dekabr oyida Eron hukumati 33 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari uchun bir tomonlama viza talablarini bekor qilish haqidagi qarorni ratifikatsiya qilgandi. O‘shanda mamlakat turizm vaziri bu qaror Eron haqidagi salbiy propaganda va eronofobiyaga chek qo‘yishini bildirgan.