Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti O‘zbekistondagi 14 ta hududda yashovchi 3054 nafar odamdan “Oilalarning baxtlilik darajasi” mavzusida so‘rovnoma o‘tkazdi. AOKAdagi brifingda institut axborot xizmati rahbari Manija Bahriyeva so‘rovnoma natijalarini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, tadqiqotga 20 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan respondentlar jalb etilgan, ularning aksariyati 25−40 yosh oralig‘idagi juftliklardan iborat oilalardir. Ularning javoblari 8 ta indikator va 21 ta subindikatordan tashkil topgan umumiy indeks vositasida baholandi. Shuningdek, natijani hisoblashda rasmiy statistik ma’lumotlar tahlili ham hisobga olindi. O‘tkazilgan tadqiqot natijalari indeks ko‘rsatkichining minus 1 dan plyus 1 oralig‘ida o‘lchandi. O‘zbekiston bo‘yicha oilalarning umumiy baxtlilik indeksi plyus 0,56 koeffitsiyentni tashkil etmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, hududlar orasida Xorazm, Sirdaryo, Namangan viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida oilalarning baxtlilik indeksi ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lgan. Toshkent shahri, Jizzax va Farg‘ona viloyatlari esa mazkur reytingning so‘nggi o‘rinlaridan joy oldi. Ularda o‘rta darajadagi ijobiy ko‘rsatkichlar qayd etildi, deyiladi xabarda.

So‘rovnoma quyidagi darajalarni qamrab olgan:

  • iqtisodiy farovonlik;
  • demografik barqarorlik;
  • sog‘lom hayot kechirish davomiyligi;
  • ta’lim olish imkoniyatlari;
  • ish bilan ta’minlanganlik;
  • oilaviy hayotdan qoniqish va oilaviy baxtlilikni his qilish;
  • oilaviy qadriyatlarning o‘rni va ahamiyati;
  • oilalarning davlat organlari faoliyati va xizmatlaridan qoniqishi.

Tahlillar natijasida O‘zbekiston oilalarining aksariyati o‘zini baxtli his qilishi, hayotga ko‘tarinki ruh va kelajakka ishonch bilan qarashi, hayotiy maqsadlari hamda rejalari borligi, muammo va qiyinchiliklarni xalqqa xos bo‘lgan shukronalik hissi orqali yengib o‘tishi aniqlandi, deyiladi institut xabarida.

Oilalarning demografik barqarorlik holati, oilaviy qadriyatlarning o‘rni va ahamiyatlilik darajasi hamda oilaviy hayotdan qoniqish va oilaviy baxtlilikni his qilish darajasi (+0,667) indikatorlari eng yuqori natijalarni ko‘rsatdi.

Oilalar baxtlilik darajasiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillar sifatida, birinchi navbatda, farzandlarning borligi, o‘zbek xalqining oilaviy qadriyatlarga sodiqligi, oiladagi samimiy munosabatlar va g‘amxo‘rlik, sog‘lom hayot kechirish imkoniyati hamda iqtisodiy farovonlik ko‘rsatilgan.

Tadqiqotda kishilarning iqtisodiy farovonligi, mehnat faoliyatidan qoniqish darajasi ortgani sari ularning o‘z hayoti va oilaviy turmush tarzi barqarorligidan qoniqish hissi shu darajada ortishi kuzatildi. Mazkur holat oilalarning o‘zini baxtli his qilishida ma’naviy omillar bilan birgalikda iqtisodiy omillarning ham dolzarblashayotganini namoyon qildi.

Indikatorlar orasida oilalarning ish bilan ta’minlanganlik darajasi (+0,323) hamda ta’lim olish imkoniyati (+0,114) nisbatan past natijalarni ko‘rsatdi. Aholi o‘rtasida oliy ma’lumotli bo‘lish, o‘z farzandlarini o‘qitish ishtiyoqi yuqoriligi ijobiy holat hisoblanadi. Ayrim holatlarda iqtisodiy, hududiy, malakaga oid omillar ta’sirida farzandlarining ta’lim imkoniyati cheklangani, ishga joylashish va o‘ziga mos bo‘lgan ish topish masalalaridagi muammolar oilalarning kelajakka bo‘lgan ishonchi va o‘z hayotidan qoniqish darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Eslatib o‘tamiz, institut 2022-yilning oktabr oyida mamlakatdagi oilalarning baxtlilik indikatorini ishlab chiqishni boshlagandi. Unda o‘zbek millatining xarakteri va turmush darajasi inobatga olindi. Qolaversa, Fransiya, Indoneziya, Butan kabi davlatlarda joriy qilingan indekslar tahlil qilindi.

2023-yil uchun baxtli mamlakatlar reytingida (World Happiness Report) O‘zbekiston 1 pog‘ona pastlab, 54-o‘rinni egallagan. Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlari orasida reytingda 44-o‘rinni qayd etgan Qozog‘iston yetakchilik qilmoqda. Finlyandiya oltinchi yildirki dunyoning eng baxtli mamlakati bo‘lib turibdi.