Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida 150 tup daraxt ildizlari bilan qo‘porib olingani aniqlandi, deya xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, To‘palang HPD Holding MCHJ mas’ullari “Denov-Novqat” kanalini rekonstruksiya qilish jarayonida kanal qirg‘og‘iga ekilgan jami 150 tup daraxtni ildizlari bilan qo‘porib olgan.

Bu bilan ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish to‘g‘risidagi farmon talablari buzilgan. Daraxtlarni kesish yoki ko‘chirib o‘tqazish bo‘yicha amaldagi tartiblarga rioya etilmagan va murojaat qilinmagan, deyiladi xabarda.

Daraxtlar kesilishi oqibatda o‘simlik dunyosiga 1 milliard 165 million 350 ming so‘m zarar yetkazilgan. Hujjatlar yetkazilgan zararni undirish hamda aybdorlarga qonuniy chora ko‘rish maqsadida viloyat prokuraturasiga yuborilgan.

Deputatlar qabul qilgan qonun loyihasiga ko‘ra, endi daraxt va butalarni noqonuniy kesgan yuridik shaxslar 99 million so‘mgacha moliyaviy jarima to‘lashidan tashqari, ularga har bir noqonuniy kesilgan daraxt uchun 100 tup ko‘chat ekish va ularni uch yil davomida parvarishlash majburiyati yuklatiladi.