O‘zbekistonda 100 yosh va undan oshgan fuqarolarning nafaqasiga pensiyani hisoblashning bazaviy 100% miqdorida — 289 000 so‘m qo‘shimcha to‘lov qilinadi. 1 yanvar holatiga mamlakatda 570 nafar 100 yosh va undan oshgan shaxs istiqomat qiladi.
2021-yilning 11 oyi mobaynida O‘zbekiston Qozog‘istondan 639 mln dollar qabul qilib olgan, 102 mln dollar mablag‘ esa qo‘shni mamlakatga jo‘natilgan. Shu tariqa Qozog‘iston pul o‘tkazmalarining qariyb 30 foizi O‘zbekiston hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi tasarrufidagi markaz O‘zbekistonda ilk uchuvchisiz dron ishlab chiqardi. LOCHIN apparati — razvedka qilish, zarba berish, real vaqt rejimida kuzatish, ma’lumot olish, artilleriya o‘t ochish jarayonini boshqarish kabi vazifalarni bajara oladi. Qolaversa, qurilmadan qishloq xo‘jaligida hamda qo‘riqxonalarni, yo‘llarni, ijtimoiy infratuzilma va muhim obyektlarni kuzatishda foydalanish mumkin (video).
Prezident qarori bilan 2022-yil 1-apreldan 2024-yil 31-dekabrgacha jismoniy shaxslarning aksiyalardan olgan dividendlari daromad solig‘idan ozod qilinadi. Norezident yuridik shaxslar uchun esa 5% stavkada foyda solig‘i tadbiq etiladi.
Mahalliy Ulkan Mulk kompaniyasi «Bildirsoy» dam olish maskanini kanat yo‘li bilan birga 107 mlrd so‘mga sotib oldi. Xaridorga daraxtlarni kesishga joriy etilgan moratoriy talablariga rioya qilish majburiyati ham yuklatilgan.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev mol-mulk solig‘ining 2 foizdan 1,5 foizga tushirilishi halol ishlab kelgan tadbirkorlar manfaati uchun xizmat qilishini ta’kidladi. U ayrim tadbirkorlar kamroq soliq to‘lash uchun obyekt narxini past ko‘rsatgani, endilikda ular ham belgilangan summadan kam bo‘lmagan miqdorda soliq to‘lashlarini ta’kidladi.
Birlashgan Arab Amirliklarining Quadro IH DMCC kompaniyasi «Poytaxt» biznes markazini sotib olish bo‘yicha tanlovda g‘olib bo‘ldi. Bitim narxi — 164 mlrd so‘mni tashkil etdi. Kompaniya shuningdek, 6 mln dollardan kam bo‘lmagan miqdorda investitsiya kiritish majburiyatini ham olgan.
Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, tibbiyot muassasalari tibbiy xizmatlarni (bundan kosmetologik xizmatlar mustasno) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma soliq solishdan ozod qilindi. Qolaversa, tibbiyot muassasalari egallab turgan yerlar soliq solinmaydigan yer uchastkalari ro‘yxatiga kiritildi, foyda solig‘i esa 0% stavkada qo‘llanishi belgilandi.
Premium Prime Service kompaniyasi ommaviy savdo yakunlari bo‘yicha Toshkent shahridagi «Malika» savdo majmuasini qo‘lga kiritdi. Investorga 100 mlrd so‘m sarmoya kiritish va 250 ta yangi ish o‘rni yaratish majburiyati ham yuklatilgan.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev 17 kun ichida «Soliq» mobil ilovasida qariyb 38 ming iste’molchi xarid cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazganini ma’lum qildi. Bu orqali o‘zbekistonliklar 7 mlrd 12 mln so‘mdan ko‘proq keshbekni qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, qo‘mita rahbari xarid cheki bermayotgan tabirkorlik subyektlari jarimaga tortilishini eslatib o‘tdi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 15,00 so‘mga pasayib, 10 824,97 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
«Malika» savdo majmuasi — 125 mlrd so‘mga, Poytaxt biznes markazi — 164 mlrd so‘mga, «Bildirsoy oromgohi» kanat yo‘li bilan birga — 107 mlrd so‘mga, qolaversa, «No'kis vinozavodi» AJning 51% ulushi — 17,5 mlrd so‘mga sotildi. Xaridorlarga belgilangan miqdorda investitsiya kiritish hamda daraxtlarni kesishga joriy etilgan moratoriyga rioya qilish talabi qo‘yilgan.
Prezident qaroriga asosan UzAuto Motors va UzAuto Motors Powetrain jamiyatlarining 100 foiz aksiyasi fond birjasida sotuvga chiqariladi. Shuningdek, yana 6 ta aksiyadorlik jamiyatidagi davlat ulushi sotuvga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
Prezident farmoni bilan 2022 yilda boshqa mamlakatlardan charter reyslarni tashkil etuvchi turistik kompaniyalar va aviatashuvchilarga har bir xorijiy sayyoh uchun to‘lanadigan kompensatsiya miqdori kamaytirildi.
Kiprning Lamanka Enterprises Limited hamda Buyuk Britaniyaning Virjiniya orollaridagi Giacinttar Limited kompaniyalari «Ohangaronsement» zavodidagi ulushlari sotuvga chiqarilganini ma’lum qildi. Aksiyalar paketi 1,88 trln so‘mga baholanmoqda.
Prezident videoselektor yig‘ilishida mahallalardagi hokim yordamchilari odamlarni tadbirkorlik va dehqonchilikka o‘rgatish orqali ularni kambag‘allikdan chiqarishi lozimligini ta’kidladi. Ushbu maqsadlarga esa shu yilning o‘zida 10 trln so‘m imtiyozli kredit va 2,5 trln so‘m subsidiya ajratiladi, har bir mahallaga o‘rtacha 1,3 mlrd so‘mdan to‘g‘ri keladi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 12,07 so‘mga pasayib, 10 839,97 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
Toshkent viloyatida Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi tomonidan qurilgan 240 MVt quvvatli yangi issiqlik elektr stansiyasi elektr energiyasini yetkazib berishni boshladi.
O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz vebsaytida 2021 yil davomida 298,8 mlrd so‘mlik 139,4 mingdan ziyod avtoraqamlar onlayn-auksionlar orqali sotildi. Avtoraqamlarning 48 foizi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida xarid qilingan.
«Kapitalbank» bankomatlari faoliyati xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan vaqtincha to‘xtatiladi. Bankomatlar bosqichma-bosqich mart oyining o‘rtalariga qadar o‘chiriladi. 2021 yil 1 dekabr holatiga mamlakatdagi barcha bankomat va infokiosklarning 25 foizi «Kapitalbank»ga tegishli.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting