2021 yil davomida O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz saytida 298,8 mlrd so‘mlik 139,4 mingdan ziyod avtoraqamlar sotildi, deya xabar berdi tashkilot matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 40 foizga, hajmi bo‘yicha — 21 foizga o‘sdi. Tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,1 mln so‘mni tashkil etgan.

Sotilgan avtoraqamlarning 91 foizi jismoniy shaxslar, 9 foizi — yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan. Ushbu davrda sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi — 450,5 ming so‘mga, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 441,5 mln so‘mga teng bo‘ldi.

Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 37 foizi birinchi toifadagi avtoraqamlar, 22% — ikkinchi, 13% — uchinchi, 9% — to‘rtinchi, 9% — beshinchi va 10% — oltinchi toifa avtoraqamlarga to‘g‘ri kelgan.

Hududlar kesimida eng ko‘p avtoraqamlar quyidagi viloyatlarda sotilgan:

  • Toshkent shahri va Toshkent viloyati — qariyb 67 mingta (umumiy xarid qilingan avtoraqamlarning 48 foizi);
  • Samarqand — 11 mindan ortiq (8%);
  • Farg‘ona — 11 mingdan ortiq (8%),
  • Namangan — 8,3 mingta (6 foiz)
  • Andijon — 8,3 mingta 6 foizi,
  • Buxoro — qariyb 7 mingta (5%).

Avtoraqamlarni onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablag‘larning 80 foizi — O‘zbekiston Davlat budjetiga, 20 foizi — Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va boshqa xarajatlar Maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 9 oyi davomida onlayn-auksion orqali jami 221,1 mlrd so‘m qiymatda 105,6 mingdan ziyod “chiroyli” raqamlar xarid qilingan.