Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 2025-yil boshidan Ai-80 benzinini ishlab chiqarishni to‘liq to‘xtata boshlaydi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Odil Temirov 14-may kuni Toshkentda o‘tkazilgan Energetika haftaligi doirasida “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Yil boshida O‘zbekiston prezidenti bosh vazir Abdulla Aripovga 2025-yildan boshlab Ai-80 benzinidan butunlay voz kechish masalasini hal etish bo‘yicha topshiriq bergandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ ma’lumotlariga ko‘ra, Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish natijasida 60 foiz va 40 foiz hajmdagi yuqori oktanli Ai-92 va Ai-95 benzinlarini mos ravishda ishlab chiqarish nazarda tutilgan. Yiliga 1 million tonnadan ortiq hajmda ishlab chiqariladigan barcha benzin (dastlab 1,2 million tonna rejalashtirilgan) Yevro-5 ekologik sinfiga mos keladi, bu esa Yevro-2 sinfidagi Ai-80 ishlab chiqarishdan voz kechishga imkon beradi, deyiladi hisobotda.

Odil Temirov Fransiyaning Axens kompaniyasi bilan parallel ravishda loyihalashtirish ishlarini olib borish uchun uning texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha litsenziya shartnomasi ustida ish boshlanganini ma’lum qildi.

“Ular asosiy loyihani sentabrgacha yakunlashlari kerak. Bunga parallel ravishda biz Xitoyning CNPC (China National Petroleum Corporation, bosh pudratchi sifatida tanlangan — tahr.) bo‘linmasi bilan ishlayapmiz, tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ai-80 benzinidan bosqichma-bosqich voz kechish ishlarini olib bormoqdamiz. Noyabr-dekabr oylarida Ai-80 o‘rniga Ai-91, Ai-92 ishlab chiqarishni boshlaymiz, 2025-yil boshidan to‘laqonli voz kechish boshlanadi”, — dedi u.

Odil Temirovning aytishicha, ayni paytda Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan mahsulotning 85 foizi Ai-80, qolgan 15 foizi esa Ai-92 benzinidir. Noyabr oyidan boshlab bu nisbat o‘zgara boshlaydi.

“O‘zbekneftgaz” rahbari o‘rinbosarining aytishicha, prezidentning Xitoyga tashrifi yakunlari bo‘yicha topshiriqlari doirasida CNPC bilan hamkorlikda modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. Loyiha Xitoy sarmoyasi hisobidan ham moliyalashtiriladi, dedi u.

2019-yilda zavodni uch bosqichli modernizatsiya qilish boshlangan. Janubiy Koreyaning SK Engineering kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan loyiha 2025-yil oxirigacha yiliga 2,5 million tonna neft va gaz kondensatini qayta ishlash va 1,2 million tonna Yevro-5 benzini, 200 ming tonna aviakerosin, 750 ming tonna dizel yonilg‘isi va 30 ming tonna mazut ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha quvvatiga yetishni nazarda tutadi.