Qozog‘istondan jo‘natilgan pul o‘tkazmalari umumiy hajmining qariyb 30 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Ranking.uz ma’lumotlariga tayanib, Spot xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston Milliy bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-noyabr oylarida jismoniy shaxslar mamlakatdan xorijga 921,3 mlrd tenge (hozirgi kurs bo‘yicha 2,1 mlrd dollar) o‘tkazgan. Bu 2020 yilga nisbatan 29,2 foizga ko‘p.

O‘zbekiston Qozog‘istondan pul o‘tkazmalari qabul qiluvchi davlatlar orasida birinchi o‘rinni egallab turibdi. 11 oy ichida O‘zbekistonga 278,5 mlrd tenge pul o‘tkazilgan (639,6 mln dollar).

Bundan tashqari:

2-o‘rinda Turkiyaga — 189,2 mlrd tenge (434,5 mln dollar);

3-o‘rinda Rossiyaga — 162,1 mlrd tenge (372,3 mln dollar) mablag‘ jo‘natilgan.

Shuningdek, xorijdan Qozog‘istonga 256,2 mlrd tenge yoki 588,3 mln dollar, 2020 yilga nisbatan bir oz kamroq mablag‘ kelib tushgan.

Bu mablag‘larning:

  • yarmiga yaqini Rossiya (111,8 mln dollar),
  • O‘zbekiston (102,2 mln dollar),
  • Janubiy Koreya (83,1 mln dollar) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Spot`ning yozishicha, O‘zbekiston Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmi bo‘yicha ham MDHda birinchi o‘rinni saqlab turibdi. Birgina 2021 yilning iyul-sentabr oylarida mehnat muhojirlari u yerdan 1 mlrd dollar o‘tkazgan — bu MDH mamlakatlariga pul o‘tkazmalarining deyarli yarmi demakdir.

2021 yilning 11 oyida O‘zbekiston pul o‘tkazmalari orqali 7 mlrd dollar olgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga ko‘p. Qayd etilishicha, bu mablag‘lar so‘m kursini, shuningdek, aholining xarid qobiliyatini saqlab qolish imkonini beradi.