Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun bilan xususiy tibbiyot muassasalari uchun imtiyozlar joriy etildi, deb xabar berdi SSV matbuot xizmati.

Xususan, Soliq kodeksining 243-moddasi 1-qismi 11 va 14-bandlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, tibbiyot muassasalari tibbiy xizmatlarni (bundan kosmetologik xizmatlar mustasno) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma soliq solishdan ozod etildi.

Bu xizmatlarga quyidagilar kirishi belgilandi:

  • tibbiy yordam va sanitariya;
  • diagnostika, profilaktika va davolash;
  • stomatologiya xizmatlari, shu jumladan tish protezlash bo‘yicha xizmatlar.

Bundan tashqari, sanatoriy-kurort, sog‘lomlashtirish xizmatlari, jismoniy tarbiya va sportga doir xizmatlarni realizatsiya qilish ham aylanma soliq solishdan ozod qilindi.

Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash muassasalari egallab turgan yerlar (turistik hududlarda joylashgan sanatoriy-kurort muassasalari bundan mustasno) soliq solinmaydigan yer uchastkalari ro‘yxatiga kiritildi. Shunday qilib, xususiy tibbiyot muassasalari ham yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlarga ega bo‘ldi.

Shu bilan birga, Soliq kodeksining 337-moddasi 1-qismi 4-bandiga ko‘ra, tegishli litsenziya asosida tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar bo‘yicha foyda solig‘iga 0% stavka qo‘llanilishi belgilangan:

  • tibbiy yordam xizmatlari va sanitariya xizmatlari ko‘rsatish,
  • tashxis qo‘yish, profilaktika va davolash xizmatlari,
  • stomatologik xizmatlar, tish protezlarini o‘rnatish xizmatlari (bundan kosmetologiya xizmatlari mustasno).

Bu bilan xususiy tibbiyot bilan o‘z egaligidagi yerlarda, shu jumladan ijara asosidagi binolar joylashgan yerlarda shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlariga yer solig‘i bo‘yicha ham keng imtiyozlar taqdim etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin O‘zbekiston Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilgani haqida xabar berilgandi.