O‘zbekistonda pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 100 yoshga to‘lgan va undan oshgan fuqarolar pensiyasiga har oyda pensiyani hisoblashning bazaviy 100 foiz miqdorida har oyning 15-sanasiga qadar qo‘shimcha to‘lov qilinadi. Norma xabar berishicha, bu bo‘yicha tegishli nizom tasdiqlangan.

Bunda qo‘shimcha pensiya:

  • 2015 yilning 1 mayiga qadar 100 yoshga to‘lgan va undan oshgan fuqarolarning pensiyasiga 2015 yilning may oyidan boshlab;
  • 2015 yilning 1 mayidan keyin 100 yoshga to‘ladigan fuqarolarning pensiyasiga shaxs 100 yoshga to‘lgan oydan keyingi oyning 1-sanasidan boshlab har oyda ariza taqdim etmasdan qo‘shib to‘lanadi.

Agarda pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori (amalda 289 000 so‘m) o‘zgaradigan bo‘lsa, qo‘shimcha pul ham unga mutanosib tarzda o‘zgaradi.

Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, 2022 yilning 1 yanvar holatiga O‘zbekistonda 570 nafar 100 yosh va undan oshgan pensiya hamda nafaqa oluvchi shaxslar mavjud. Shundan, 109 nafari erkak, 461 nafari esa ayol kishini tashkil etadi.

Qo‘shimcha to‘lov O‘zbekiston fuqarolari, respublikada doimiy yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga beriladi.

Fuqaro o‘z vaqtida talab qilib olmagan qo‘shimcha to‘lovining hisoblangan summasi o‘tgan vaqt uchun pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorlari oshirilishi hisobga olingan holda biryo‘la to‘lanadi. Bunda murojaat qilishdan oldingi 12 oydan ortiq vaqt hisobga olinmaydi.

Shuningdek, fuqaro doimiy yashash uchun O‘zbekistondan tashqariga ketishga qaror qilsa, u Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga ketish to‘g‘risida ariza berilgan kundagi pensiyani hisoblashning bazaviy miqdoridan kelib chiqib, jo‘nab ketishdan 6 oy avval milliy valyutada to‘lanadi.

Bunda qo‘shimcha to‘lov to‘lanadigan 6 oylik davr doimiy yashash uchun O‘zbekistondan tashqariga ketishdan avvalgi 6 oy uchun qo‘shimcha to‘lovni to‘lash arizada ko‘rsatilgan sanadan boshlab hisoblab chiqiladi va turar joyidan ro‘yxatdan chiqqan oyning oxirigacha to‘lanadi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda doimiy yashaydigan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga qo‘shimcha to‘lov yashash guvohnomasi yoki identifikatsiya ID-kartasi amal qiladigan muddat davomida to‘lanadi.

Fuqaroning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan qo‘shimcha to‘lovni to‘lash «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 63-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

Unga ko‘ra, vafot etganlik munosabati bilan olinmay qolgan pensiya puli meros tarkibiga kiritilmasdan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan ta’minlanadigan shaxslar doirasiga kiruvchi oila a’zolariga to‘lanadi. Ota-onasi, eri (xotini), shuningdek pensioner bilan u vafot etgan kunigacha birgalikda yashab turgan oila a’zolari bu pulni, ular boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan ta’minlanadiganlar doirasiga kirmaganlari taqdirida ham olish huquqiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 1 oktabr holatiga 100 yosh va undan oshganlar 794 nafarni tashkil qilgandi.