«Bildirsoy oromgohi» dam olish maskani kanat yo‘li bilan birga ommaviy savdolar yakuniga ko‘ra, «Ulkan Mulk» MCHJ egaligiga o‘tdi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Kompaniya 107 mlrd so‘mni bir yo‘la to‘lash sharti bilan savdo g‘olibiga aylangan. Shuningdek, xaridorga daraxt va butalarning kesilishiga joriy etilgan moratoriy talablariga rioya qilish majburiyati yuklatilgan.

«Bildirsoy oromgohi» umumiy yer maydoni 46 gektardan ortiqroqni tashkil etadi. Bino va inshootlar maydoni 9628 kv.metrdan iborat. Majmua hududida 78 o‘ringa mo‘ljallangan uch qavatli mehmonxona, har biri 4/6 o‘rinli 16 ta kottej, yozgi hovuz, yopiq hovuz, ikkita tennis korti, bagminton maydonchasi, mini futbol va bilyard xonasi joylashgan.

Majmua o‘tgan yilning bahorida davlat mulklari xususiylashtirilishi ortidan savdoga chiqarilgan edi.

KTYADRga muvofiq, Ulkan Mulk 2021 yilning 28 aprelidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Asosiy faoliyat turi — noturar binolarni boshqarish va ijaraga berishdan iborat. Kompaniya asoschisi va rahbari Bexzod Baxtiyarovich Inog‘omov hisoblanadi.

U shuningdek, ARC-Assets (100%, boshqa tovalarga ixtisoslashmagan do‘konlarda chakana savdo), Backstein Industry (45%, olovga chidamli mahsulotlarni ishlab chiqarish), Buldovo (100%, ixtisoslashmagan ulgurji savdo), Traffic (50%, avtomobil transportida yuk tashish) va Wertvoll Advisroy (0,5%, boshqa toifalarga kiritilmagan axborot xizmati faoliyati) kompaniyalarida ulushga ega.

Bunga qadar, Dubayning Quadro IH DMCC kompaniyasi «Poytaxt» biznes markazini sotib olish bo‘yicha tanlovda g‘olib bo‘lgani, Premium Prime Service kompaniyasi esa Toshkentdagi «Malika» savdo majmuasini qo‘lga kiritgani haqida yozgandik.