Bugun, 14 yanvar kuni 11:15 da Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatining Qibray tumanida qurilgan, quvvati 240 MVt bo‘lgan yangi bug‘-gaz elektr stansiyasi O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu issiqlik elektr stansiyasi yiliga 2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Qurilmalarning foydali ish koefitsiyenti yuqoriligi hisobiga, yiliga 290 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Tejalgan tabiiy gaz hisobiga qo‘shimcha 1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.

Umumiy qiymati 150 million AQSh dollariga teng bo‘lgan mazkur loyiha Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirildi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur elektr stansiya Aksa Enerji kompaniyasi tomonidan respublikada foydalanishga topshirilgan ikkinchi IES xisoblanib, birinchisi joriy yilning 11 yanvar kuni Buxoro viloyatida (quvvati 270 MVt) ishga tushirilgan edi.