Toshkent shahridagi «Malika» savdo majmuasi ommaviy savdo jarayonlari yakunlariga ko‘ra, Premium Prime Service kompaniyasiga sotildi, deb xabar bermoqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

Kelishuv narxi 125 mlrd so‘mga baholangan. Investor shuningdek, ta’mirlash-tiklash ishlariga 100 mlrd so‘m sarmoya kiritish va 250 ta yangi ish o‘rni yaratish majburiyatini olgan.

«Malika» majmuasi (eski fabrikaning nomlanishi) poytaxtning Shayxontohur tumanidagi 4,14 gektar maydonda joylashgan. Bino va inshootlar maydoni esa 48,9 ming kv. metrni, qurilish maydoni esa — 13,8 ming kv. metrni tashkil etadi. Majmua hududida bombalardan himoyalanish uchun maxsus boshpana ham mavjud. Hozirgi kunda majmua maishiy texnikalar va elektronika savdosi bo‘yicha asosiy bozorga aylangan.

Majmua o‘tgan yilning bahorida davlat mulklari xususiylashtirilishi ortidan savdoga chiqarilgan edi.

KTYADRga ko‘ra, Premium Prime Service 2017 yilning 12 yanvar kuni ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Asosiy faoliyat turi — noturar joylar boshqaruvi va ijarasi hisoblanadi. Ta’sischilari qatorida Unitrade Co. (65%) va Nargiza Abduraufovna Abidova (35%) ko‘rsatilgan, rahbari esa — Ulug‘bek Rustamovich Alimov.

O‘z navbatida Unitrade Co. kompaniyasiga Aziza Xasanovna Xasanova (100%) egalik qiladi. Korxona shuningdek, Ideal Naturproduct (100%), Fargo Marketing Group (50%) va Omad Sug‘urta (43,9%) kompaniyalarda ham ta’sischi sifatida ko‘rsatilgan. Aziza Xasanova Akfa-Dream kompaniyasida ham (2,8%) ulushga ega.

Nargiza Abidova Epsilon Invest (100%, quruqlik transporti yo‘nalishida xizmatlar) va Sportivka (100%, plastikni birlamchi shakllarda ishlab chiqarish) kompaniyalariga egalik qiladi.

Iqtisodiy rivojlanish vazirligi 2021 yilning yanvar-noyabr oylarida 619 ta davlat aktivi 4,5 trln so‘mga sotilgani haqida xabar bergandi. Yil yakuniga qadar yana 300 ta davlat mulkini 1,6 trln so‘mga sotish reja qilingandi.