Davlat soliq qo‘mitasi (DSQ) raisi Sherzod Kudbiyev 17 yanvar kuni matbuot anjumanida yuridik shaxslarga mol-mulk solig‘i kamaytirilgani yuzasidan izoh berib o‘tdi.

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, 2022 yilda yuridik shaxslar uchun mol-mulk solig‘i 2 foizdan 1,5 foizga kamaytirildi. Shu bilan bir qatorda, mol-mulk solig‘ini hisoblab chiqarishda bino va inshootlar bo‘yicha soliq bazasi bu obyektlarga 1 kvadrat metr uchun mutlaq miqdorda belgilangan minimal qiymatdan past bo‘lishi mumkin emasligi bo‘yicha yangi tartibkiritildi.

Bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 2,5 mln so‘m, Nukus va viloyatlar markazlarida 1,5 mln so‘m hamda boshqa shaharlar va qishloq joylarda 1 mln so‘m etib belgilangan edi. Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xususan, yuridik shaxslar uchun mol-mulk solig‘i miqdorining oshib ketgani, natijada, ayniqsa, kichik biznes zarar ko‘rayotgani aytilmoqda.

Sherzod Qudbiyev ushbu masala yuzasidan OAV vakillariga izoh berib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, ayrim tadbirkorlar qonunchilikka rioya qilgan holda mol-mulklarini real bozor bahosida hisoblab, uni har yili qayta baholashgan. Ayrimlari esa kamroq soliq to‘lash maqsadida mol-mulkini o‘ta arzon bahoga hisoblatgan.

«Mana, sizlarga misol, buni biz juda ko‘p ko‘rsatdik. Biz bitta hududda bir-biriga o‘xshash subyektlarni topishga harakat qildik. Jizzax shahrida 861 kvadrat metr maydonga ega mulkning qiymati 1,99 mln so‘m ko‘rsatilgan. Xuddi shunday Jizzax shahrida, yuqoridagi binodan ko‘rinishi xunukroq bo‘lgan 880 metr kvadrat maydonga ega mulkning qiymati esa 1,7 mlrd so‘m. Ikkalasi ham tadbirkor. Qaysi tadbirkorni manfaatini himoya qilishimiz kerak?» — deya ta’kidladi qo‘mita raisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagi misolda birinchi tadbirkor 2021 yilda 39,8 ming so‘m soliq to‘lagan. Ikkinchisi esa 2 foizlik stavkada 34,52 mln so‘m soliq to‘lagan. Shuning uchun, Moliya vazirligi taklifiga ko‘ra, mol-mulk solig‘i stavkasi 1,5 foizgacha pasaytirilgan.

«Chunki halol ishlagan tadbirkorga soliq yuki kamayiishi kerak. Shuning uchun yuqoridagi ikkinchi tadbirkor 2021 yildagiga qaraganda 8 mln so‘m kamroq soliq to‘laydi. Lekin mulkini to‘g‘ri baholamagan tadbirkorga, albatta, soliq yuki oshyapti. Bu — to‘g‘ri. Chunki minimal qiymat kiritilyapti», — dedi Sherzod Qudbiyev.

DSQ raisi yuqoridagi holat yuzasidan Toshkent shahri bo‘yicha ham misol keltirdi. Uning aytishicha, Toshkentda maydoni 40 kvadrat metr bo‘lgan do‘kon 2 mln so‘mga baholangan. Undan uzoq bo‘lmagan joydagi maydoni 31 kvadrat metr bo‘lgan mulk esa 168 mln so‘mga.

«Toshkent shahrida 40 kvadrat metr joyning 2 mln so‘m turishiga ishonadimi kimdir? Bu tadbirkor shu 2 mln hisobida soliq to‘lashi kerak. Shunday ekan, bu do‘kondan unchalik uzoqda joylashmagan 31 kvadrat metr mulk 168 mln so‘mga baholangan. Buning aybi davlat chiqargan qonunchilikka amal qilganimi, u yildan-yilga mulkini „pereotsenka“ qilgan yoki sotib olganda to‘g‘ri baholatgan va hk. Shuni inobatga olib, Toshkent shahrida 2,5 mln so‘m minimal qiymat kiritildi. Toshkent shahrida 1 kvadrat metri 2,5 mln so‘m turadigan mulk qayerda bor ekan? Yoki viloyatlarda 1 kvadrat metri 1 mlndan, viloyat markazlarida 1,5 mlndan kam bo‘lgan mulk bormi?» — deya savol berdi Qudbiyev.

DSQ rahbari masala hammaga bir xil sharoit yaratib berish haqida ekanligi, bir tadbirkor boshqasidan u yoki bu tartiblarni vaqtida bajarmagani uchun raqobat ustunligiga ega bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tartiblar joriy etilganidan so‘ng 21 mingdan ortiq subyektlarda mol-mulk solig‘i kamaymoqda. 40 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektida esa ko‘paymoqda. 7 mingta subyektda o‘zgarishsiz qolmoqda. 5 mingta soliq to‘lovchisi mulkini «nol» qiymatda ko‘rsatib kelmoqda.

«Ayrim viloyatlarda soliq yuki bir necha baravar oshib ketyapti, deb vaj keltirishyapti. Bizdagi prognozga ko‘ra, 2022 yilda soliq tushumlari 2021 yilga nisbatan 33 foizga oshishi reja qilindi (2,1 trln so‘m miqdorida). Endi oldingi yilga qarasak, 2021 yilda 2020 yilga nisbatan soliqdan tushumlar 30 foizga oshirilgan. Endi inflyatsiya bor, iqtisodiy o‘sish bor, soliq balansining kengayishi bor. Bu tendensiya saqlanib qolgan», — dedi Sherzod Kudbiyev.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilgani haqida xabar берилганди.