“O‘zbekneftgaz” neft-gaz kompaniyasi tomonidan Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi foydalanishga topshirildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

15-may kuni bo‘lib o‘tgan ishga tushirish marosimida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, “O‘zbekneftgaz” raisi Bahodir Sidiqov va “Gazprom neft” boshqaruvi raisi Aleksandr Dyukov ishtirok etdi.

“O‘zbekneftgaz” mazkur markaz Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i ijrosi doirasida ochilganini ma’lum qildi.

gazprom neft, jo‘rabek mirzamahmudov, uzbekneftgaz

“O‘zbekneftgaz” ma’lumotlariga ko‘ra, markazlashtirilgan tashkiliy-raqamli boshqaruvning yaratilishi kompaniyaga quduqlarni burg‘ilash muddatini 45 foizga qisqartirish, ularni qurish tannarxini esa 35 foizga kamaytirish imkonini beradi. Qayd etilishicha, har bir quduqni qurishda loyiha qiymatidan 4 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mgacha tejash mumkin bo‘ladi.

Ochilish marosimida Rossiyaning Muravlenko shahrida joylashgan, tezlashtirilgan burg‘ilash jarayonlariga masofaviy muhandislik yordamini ko‘rsatuvchi Quduq qurilishini boshqarish markazi hamda “Dengizko‘l” konidagi 326-sonli quduq bilan teleko‘prik tashkil etildi.

Rossiyalik mutaxassislar “Dengizko‘l” konidagi 326-sonli quduqni burg‘ilashdagi o‘z ishlari va erishilgan natijalari haqida gapirdi.

Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazining vazifalari orasida burg‘ilash jarayonlarini real vaqt rejimida kuzatish ham bor. Burg‘ilash rejimlarining asosiy parametrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar har bir o‘rnatishda kompaniyaning bosh ofisdagi serveriga uzatiladi. So‘ngra dasturiy ta’minot ma’lumotlarni ekranda parametrlar va diagrammalar ko‘rinishida ko‘rsatadi.

gazprom neft, jo‘rabek mirzamahmudov, uzbekneftgaz

“Burg‘ilash ishlarini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar va masofaviy monitoring tizimlari tufayli markaz mutaxassislari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya va baxtsiz hodisalarni tezkorlik bilan aniqlash va oldini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Markaz O‘zbekistonning chekka hududlarida joylashgan “Dengizko‘l”, “Zevarda”, “Yangi Tegirmon”, “Sho‘rtan”, “Quyi Sharqiy Berdaq” va “Janubiy Surg‘il” konlarida 23 ta burg‘ilash uskunasining burg‘ilash jarayonini kechayu kunduz kuzatib boradi.

“Bizda bundan ham katta rejalar bor. Shuni ta’kidlashni istardimki, bu hamkorlik nafaqat O‘zbekiston hududida bo‘ladi, bu yerda qo‘shnilarimiz (Afg‘onistondan kelgan delegatsiya — tahr.) ishtirok etishadi, biz qo‘shni davlatlarga birga borib, ushbu texnologiyalarni joriy qilamiz, degan umiddamiz”, — dedi energetika vaziri.

gazprom neft, jo‘rabek mirzamahmudov, uzbekneftgaz

“O‘zbekneftgaz” rahbari Bahodir Sidiqovning ma’lum qilishicha, keyingi bosqichlarda kompaniya “Gazprom neft"ning boshqa dasturiy tizimlarini joriy etish, jumladan, Kapital ta’mirlash boshqarmasi, Jarohatlarni minimallashtirish boshqarmasi va boshqalarni tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Bularning hammasi qanchaga tushdi?

“Gazeta.uz” tomonidan o‘rganilgan davlat xaridlari portali ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil 22-avgust kuni “O‘zbekneftgaz” “Gazpromneft-Noyabrskneftegaz” bilan konlardagi burg‘ilash pudratchi tomonidan amalga oshirilayotgan quduqlarni burg‘ilashni optimallashtirishga qaratilgan konsalting xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Xizmat narxi har bir quduq uchun 22,2 million rublni (e'lon qilingan vaqtdagi kurs bo‘yicha 243,3 ming dollar / 3,07 milliard so‘m), shuningdek, quduqni burg‘ilash muddatini qisqartirgan har bir kun uchun bonus mukofotini tashkil etadi. Bu 88 kunlik (lekin ba’zi hollarda ko‘proq bo‘lishi mumkin va 50 sutkadan kam bo‘lmaydi) bazaviy davr o‘rtasidagi kunlardagi farq uchun stavkani 600 ming rublga ko‘paytirish orqali hisoblangan (taxminan 6500 dollar).

gazprom neft, jo‘rabek mirzamahmudov, uzbekneftgaz

Masalan, “Sho‘rtan” konidagi loyiha doirasida burg‘ilash rejalashtirilgan 88 kun o‘rniga 58 kun davom etgani (farq 30 kun) ma’lum qilingan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bonus to‘lovi 18 million rublni tashkil qiladi (yoki shartnoma bo‘yicha farq kamida 50 kun bo‘lishi kerakligi hisobga olinsa, 30 million rubl).

Xizmat ko‘rsatishni boshlashdan avval “O‘zbekneftgaz” shartnoma bo‘yicha “Gazpromneft-Noyabrskneftegaz"ga loyiha to‘g‘risidagi ma’lumotlar va hujjatlarni, qatlam guvohnomasini, yuqori angidrid tomining konstruktiv xaritalarini, gazga to‘yingan qatlam qalinligi xaritalarini va boshqalarni taqdim etishi shart.

Ikkinchi shartnoma 2023-yil 21-noyabrda Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi / Quduq qurilishini boshqarish markazining operativ ritmini yaratish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan imzolangan. Shartnoma bo‘yicha xizmatlar qiymati QQSsiz 406,8 million rublni (4,45 million dollar / 56,36 milliard so‘m), shu jumladan, xizmatlarning kafolatlangan hajmi 273,47 million rubl (taxminan 3 million dollar) va kafolatlanmagan hajmi 133, 37 million rublni tashkil etadi.

“Gazpromneft-Noyabrskneftegaz” — “Gazprom neft"ning shu’ba korxonasi. Kompaniya Rossiyaning Yamalo-Nenets va Xanti-Mansi avtonom okruglaridagi 37 ta konda neft va gaz ishlab chiqaradi. 2014-yilda Yevropa Ittifoqi Rossiyaning neft kompaniyalariga, jumladan, “Gazprom neft"ga qarshi sanksiyalar joriy qilgan edi.

2023-yil yakuniga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz"ning sof foydasi ikki baravardan ko‘proqqa — 611,6 milliard so‘mga qisqargan, so‘nggi uch yilda esa bu ko‘rsatkich besh baravarga kamaygan. “Gazeta.uz” avvalroq “O‘zbekneftgaz” gaz qazib olishni ko‘paytirish uchun yuzlab million dollar sarmoya kiritayotgani, biroq uning qazib chiqarish hajmi har yili pasayib borayotgani haqida yozgan edi.