Bu haqda prezidentning 17-yanvardagi “Kapital bozorini qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi [PQ-90-son] qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjatga muvofiq, 2022-yil 1-apreldan 2024-yil 31-dekabrgacha O‘zbekiston rezidenti va norezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslarning aksiyalardan olgan dividendlari daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Norezident yuridik shaxslarning aksiyalar bo‘yicha dividendlari uchun foyda solig‘ining 5 foiz stavkasi tatbiq etiladi.

Rezident va norezident jismoniy hamda yuridik shaxslarning xo‘jalik jamiyatlari obligatsiyalari bo‘yicha daromadlari daromad solig‘i va foyda solig‘idan ozod qilinadi.

Avvalroq, davlat rahbarining ushbu qarori bilan UzAuto Motors va UzAuto Motors Powetrain jamiyatlarining 100 foiz aksiyasi fond birjasida sotuvga chiqarilishi haqida yozgandik. Shuningdek, yana 6 ta aksiyadorlik jamiyatidagi davlat ulushi sotuvga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.