«Kapitalbank» bankomatlari ishi vaqtincha to‘xtatiladi. Bank matbuot xizmati buni texnik ishlarni amalga oshirish bilan izohladi.

«Bankomatlar orqali amalga oshiriladigan barcha operatsiyalarni „Kapitalbank“ ATBning barcha filiallarida amalga oshirish mumkin», — deyiladi xabarda.

Bankomatlar o‘rtacha yetti kun davomida bosqichma-bosqich o‘chiriladi. O‘chirish mart oyining o‘rtalariga qadar davom etadi. Bankomatlarni bosqichma-bosqich to‘xtatishning batafsil grafigi bu yerda keltirilgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil 1 dekabr holatiga mamlakatdagi barcha bankomat va infokiosklarning 25 foizi «Kapitalbank»ga tegishli.

Mamlakatda jami 12,8 mingta bankomat bor. Bulardan 3,2 mingtasi «Kapitalbank»ga tegishli, Agrobank (1894) va Xalq banki (1331) katta farq bilan ikkinchi hamda uchinchi o‘rinlarni egallagan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Alisher Usmonovga tegishli USM Holdings kompaniyasining sho‘’ba korxonasi bo‘lgan «Telekominvest» MCHJ «Kapitalbank» ustav kapitalining 8,33 foizini sotib olgan edi. Endilikda ushbu kompaniya «Kapitalbank»ning 25 foiz ulushiga ega.