UzAuto Motors kompaniyasining 100 foiz aksiyasi «Toshkent» respublika fond birjasida IPO`ga chiqariladi. Bu prezidentning 17 yanvardagi «Kapital bozorini qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi [PQ-90-son] qarorida qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, IPO (Initial Public Offering), bu — kompaniya aksiyalarining birlamchi bozorga chiqarilishidir. Ya’ni aksiyalar keng ommaga taklif etiladi.

Qarorga muvofiq, yana bir qator aksiyadorlik jamiyatlari, shu jumladan, UzAuto Motors Powetrain, O‘zbekgeofizika, O‘ztemiryo‘lkonteyner, Dori-darmon, O‘zbekiston pochtasi, Universal Sug‘urta va Alskom kompaniyalari aksiyalari sotuvga qo‘yiladi.

2021 yilning aprel oyida prezident farmoni bilan 2021−2023 yillarda aksiyalari fond birjasida ommaviy savdo uchun joylashtiriladigan kompaniyalar ro‘yxati tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Uzbekistan Airways, «O‘zmetkombinat», «O‘zbekneftegaz», «O‘zmilliybank» va «O‘ztransgaz» kabi boshqa kompaniyalar 2021−2023 yillarda aksiyalari fond birjasida ommaviy savdo uchun joylashtiriladigan kompaniyalar ro‘yxatiga kiritildi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning sentabr oyida ham UzAuto Motors 10 foiz qo‘shimcha aksiyalarini IPO o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar bergan edik.