2022 yil 17 yanvar holatiga O‘zbekiston bo‘ylab qariyb 38 ming iste’molchi tomonidan 575 mingdan ortiq xarid cheklari keshbek uchun «Soliq» mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi Sherzod Qudbiyev poytaxtda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, 37 952 nafar ist’emolchi 7 mlrd 12 mln 126 ming so‘mlik keshbeklarni o‘z hisobiga yozib qo‘ygan — har bir kishiga o‘rtacha 185 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi.

«Endi kurashishni ham kurashish yo‘li bor. Kurashish yo‘li faqat qamchi bilan bo‘lmaydi. Odamlar o‘zi kurashishi kerak. Hamma so‘rashi kerak keshbekni. QR-kodni skanerlaysiz, 1 foiz sizga qaytib tushadi. Qarang, 7 mlrd so‘mni biz xalqimizga qaytarib berishimiz kerak. Bu yaxshimi, yomonmi?», — deb savol bilan yuzlangan qo‘mita raisi.

1 yanvardan MXIK aks ettirilmaydigan cheklarni taqdim etish taqiqlanganiga qaramasdan, ayrim tadbirkorlik subektlari tomonidan nazorat-kassa texnikalarini yangi talablarga moslashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmagan.

Sherzod Qudbiyev ayni shu masalada ham fikr bildirdi.

«Soliq-Hamkor degan ilova ham bor. Ya’ni mabodo sizga chek bermasa, siz o‘sha joyni, hozir hamma do‘konlar maxsus QR-kodlar qo‘yishni boshlashdi, shu kodni „skanerlab“ Soliq-Hamkor`ga kiritsangiz, agar kod qo‘yilmagan bo‘lsa o‘sha joyni rasmga olib „menga chek bermadi“ deb ariza berib yuborsangiz, biz bu arizangizni ko‘rib chiqamiz. Arizangizni ko‘rib chiqish natijasida ertaga 5 mln so‘mdan 20 mln so‘mgacha jarima bor. Qancha jarima undirilsa, o‘sha jarimaning 20 foizini ariza yuborgan odam oladi», — dedi u.

Qayd etilishicha, mobil dasturda joriy qilingan xizmatda agar fuqaroning xarid chekini uning o‘zidan oldin kim ro‘yxatdan o‘tkazganini ko‘rish imkoniyati ham yaratildi.

Qo‘mita raisining so‘zlariga ko‘ra, chek berilmasliga qarshi keskin choralar ko‘riladi. U nega keshbek summalari birdaniga to‘lanmayotganiga ham izoh berdi.

«Chekni olganingizdan keyin masalan, mana ruchka sotib oldingiz, sizning bu ruchkani qaytarib berishga huquqingiz bor. Shuning uchun to hisobot davri tugamaguncha, bu chekda o‘zgartirish bo‘lmaguncha vaqt o‘tadi. Shuning uchun, bitta hisobot davri tugaganidan keyingi oyni 20-sanasigacha keshbeklarni yuklab olish imkoniyati bo‘ladi», — dedi Sherzod Qudbiyev.

14 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab 401 ming 604 ta xarid cheklari keshbek uchun «Soliq» mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan va jami keshbek summasi 5 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etgandi.