Dubayning Quadro IH DMCC kompaniyasi Toshkent shahrida joylashgan «Poytaxt» biznes markazini xususiylashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Mulk Yunusobod tumanining Sharof Rashidov ko‘chasida, Mustaqillik maydoni yaqinida joylashgan.

Kompaniya 164 mlrd so‘m xarid qiymatini bir yo‘la to‘lash taklifi bilan savdolarda yutib chiqqan. Quadro IH DMCC o‘ziga ta’mirlash-tiklash ishlari uchun 6 mln dollardan kam bo‘lmagan miqdorda investitsiya kiritish majburiyatini ham olgan.

Foto: Davaktiv.

«Poytaxt» markaziga qarashli umumiy yer maydoni 0,4 gektarni, bino va inshootlar maydoni esa — 34,6 ming kv. metrni tashkil qiladi. Bino 14 qavatdan va yer to‘ladan iborat (10−11 qavatlar mehmonxona joylashgan).

Majmua o‘tgan yilning bahorida davlat mulklari xususiylashtirilishi ortidan savdoga chiqarilgan edi.

Quadro IH DMCC iyun oyida «Ichan qal’a» mehmonxonasini 74,2 mlrd so‘mga sotib olgandi.

Quadro IH DMCC kompaniyasi BAAdagi Quadro Capital Partners tarkibiga kiradi. U Rossiya va boshqa MDH mamlakatlarida o‘sish va inqirozga qarshi boshqaruv investitsiyalariga ixtisoslashgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya jamg‘armalarini boshqaruvchi kompaniya hisoblanadi. U 2009 yilda Troika Dialog investitsiyaviy kompaniyasi vaikllari tomonidan tashkil etilgan.

Quadro Capital Partners turli yillarda Rossiyaning yirik loyihalariga, jumladan, Fix Price do‘konlar tarmog‘i, «Monetka» supermarketlar tarmog‘i, MX GROUP avtomobil ehtiyot qismlari, FX CLUB va boshqalarga sarmoya kiritgan.