Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Davlat rahbari faol islohotlar, tadbirkorlikni rivojlantirish va mahallabay ishlash boshlangani natijasida o‘tgan yili yalpi ichki mahsulot 7,4 foizga o‘sganini qayd etdi.

«Hududlarda 100 mingta yangi tadbirkor ish boshladi. O‘zini o‘zi band qilganlar soni 700 mingga ko‘payib, 1,2 mlnga yetdi. «Mahallabay» ishlash tizimi orqali «temir daftar»dagi 583 ming ehtiyojmand oila doimiy daromad bilan ta’minlandi», — deyiladi xabarda.

Prezident 2022 yil «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» nomidan ham kelib chiqib, barcha mahallalarda tub o‘zgarishlar yili bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.

Yig‘ilishda asosiy e’tibor «mahallabay» ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.

Jumladan, yangi yildan 9309 nafar hokim yordamchilari ish boshladi va ularga ko‘mak berish uchun vazirliklardan 300 nafar rahbar-xodimlar xizmat safariga yuborildi.

Davlat rahbari hokim yordamchilarining asosiy vazifalariga yana bir bor to‘xtalib, eng avvalo, ular ishlash imkoniyati va xohishi bor, lekin sharoiti og‘ir oilalarni o‘qitish va o‘z ishini boshlashi uchun imtiyozli kredit, subsidiya yoki dehqon xo‘jaligi uchun ularga yer maydonlari ajratish masalalari bilan shug‘ullanishini ta’kidladi.

«Hokim yordamchilari aholi bilan har kuni ishlab, odamlarga davlat tomonidan yaratilgan moliyaviy imkoniyatlarni yetkazishi, tadbirkorlikka va dehqonchilikka o‘rgatish orqali ularni kambag‘allikdan chiqarishi lozim», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Bu maqsadlar uchun joriy yilda 10 trln so‘m imtiyozli kredit va 2,5 trln so‘m subsidiya ajratiladi, har bir mahallaga o‘rtacha — 1,3 mlrd so‘m.

Ushbu tizimga mas’ul bo‘lgan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyati tashkil etilib, barcha masalalar yechib berilgani ta’kidlangan.