O‘zbekiston yanvarda 1,2 mlrd dollarga oltin eksport qildi. Bu umumiy eksport hajmining yarmidan ko‘pini tashkil etadi

Yanvarda O‘zbekistonning tovar ayirboshlash hajmi 42 foizga oshib, 5 mlrd dollarga yetdi. Eksportning yarmidan ko‘pi oltindan iborat bo‘lib, 1,18 mlrd dollarga qimmatbaho metall sotilgan. To‘qimachilik mahsulotlari, gaz va o‘g‘it yetkazib berish hajmi kamaygan.

Bloger Abduqodir Mo‘minovning tergov vaqtida vafot etgani rad etildi

Bosh prokuror matbuot kotibi «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, bloger Abduqodir Mo‘minovning tergov paytida vafot etgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, «u tirik va sog‘lom». Blogerning sobiq advokati ham tergovchi bilan gaplashgani va Mo‘minovning sog‘-salomatligini tasdiqladi.

Yanvar oyida anomal sovuqdan O‘zbekiston sanoati qanday zarar ko‘rdi?

Yanvar oyida O‘zbekistonda kuzatilgan anomal sovuq tufayli ishlab chiqarish hajmi qariyb 10 foizga qisqardi. Gaz qazib olish 2022 yilning yanvariga nisbatan 7,5 foizga, gaz kondensati — 9,1 foizga, ko‘mir — 13,8 foizga, elektr energiyasi ishlab chiqarish — 2 foizga kamaydi.

Shavkat Mirziyoyev raqamlashtirishda kamchilikka yo‘l qo‘ygan tizimlarni sanadi

Shavkat Mirziyoyev raqamlashtirish bo‘yicha xalqni rozi qiladigan tizim to‘liq yaratilmaganini tanqid qildi. Aholi eng ko‘p murojaat qiladigan ichki ishlar idoralarida 34 ta, adliyada 32 ta, sog‘liqni saqlashda 11 ta xizmat elektron shaklga o‘tkazilmaganini ta’kidladi.

Toshkentda ommaviy mushtlashuvda qatnashgan 28 kishi qamaldi

Yakkasaroy tumanida qurilishda ishlovchi 30 dan ortiq fuqaro mushtlashdi. Sud ularning 28 nafariga 10 va 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.

Toshkent viloyatida poliklinika ta’mirlashga ajratilgan 392,9 mln so‘m o‘zlashtirilgani aytilmoqda

Zangiota tumanida korxona rahbari qishloq oilaviy poliklinikalarini ta’mirlashda, hujjatlarga amalda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali 392,9 mln so‘mni o‘zlashtirgani aytilmoqda. Holat bo‘yicha tergov harakatlari boshlandi.

Respublika bolalar kutubxonasi bahor oxirigacha ochilishi rejalashtirilmoqda

Toshkentdagi Respublika bolalar kutubxonasi rekonstruksiyadan so‘ng bahor oxirigacha ochilishi reja qilinmoqda. «Biz hamma uchun ochiq bo‘lgan zamonaviy, qulay hudud yaratyapmiz. Odamlar bu makonni o‘zlariga moslashtirishlarini xohlaymiz», — deya ta’kidladi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi. Foto.

Yanvar oyida yengil avtomobillarga talab yana ortgan — ITIM

Yilning birinchi oyida o‘zbekistonliklar 118 ming dona avtomobil sotib olgan. Bu 2022 yil dekabr oyiga nisbatan 18 foizga ko‘p. Yil boshidan buyon mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi 23,4 mingtani tashkil etib, dekabrga nisbatan 71 foizga oshdi.

O‘zbekistonda yangi avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va davlat raqamlarini olish onlaynga o‘tkaziladi

O‘zbekistonda yangi avtomobillarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va raqam berishning elektron tizimini yaratish rejalashtirilmoqda. Prezident hali ko‘plab sohalar raqamlashtirilmaganini tanqid qildi. Masalan, odamlar «086-shakl» olish uchun har safar poliklinikaga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda.

Azim Mullaxonov Muqimiy teatriga direktor bo‘ldi

O‘zbekiston va Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Azim Mullaxonov Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga direktor, Doston Haqberdiyev esa bosh rejissyor bo‘ldi.

Olmaliqda MCHJ rahbari 2,3 mlrd so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda

Toshkent viloyati Olmaliq shahrida MCHJ rahbari kredit evaziga xarid qilingan 2,3 mlrd so‘mlik qurilish materiallarini boshqa shaxslarga sotib yuborganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Jizzaxda er-xotin is gazidan zaharlanib vafot etdi

Sharof Rashidov tumanida er-xotin vafot etdi, ular is gazidan zaharlangan bo‘lishi mumkin. Jizzax viloyati prokuraturasi tekshiruv ishlarini olib bormoqda.

TerDU talabasi fuqaroning bank kartasidan 75 mln so‘m o‘zlashtirgani aytilmoqda

Termiz davlat universiteti 4-kurs talabasi o‘zi amaliyot o‘tagan bankda fuqaroning karta ma’lumotlarini o‘zlashtirib, 75,7 mln so‘mni yechib olganlikda gumonlanmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi ochildi. Agar uning aybi tasdiqlansa, 3−5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Begonalarga sigaret chekmaslik haqida «amru ma’ruf» qilgan shaxs jarimaga tortildi

Ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda begonalarga sigaret chekmaslik haqida tushuncha bermoqchi bo‘lgan shaxs bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgani ma’lum qilindi. Shuningdek, ushbu shaxs sud tomonidan BHMning 20 baravari miqdorida jarimaga tortildi.

Gaz kompaniyalariga soliq imtiyozlari berilganiga qaramay, gaz ishlab chiqarish kamaydi

Tabiiy gaz bo‘yicha soliq stavkalari 3, neft va gaz kondensati uchun 2 baravar pasaytirilgani tufayli davlat budjetiga 2022 yilda yer qa’ridan foydalanganlik uchun 538,1 mlrd so‘m soliq tushmadi. Shu bilan birga, gaz qazib olish 4%, gaz kondensati 2,8% ga kamaydi. Neft ishlab chiqarish 1,8% ga oshdi.

Qashqadaryoda Cobalt urib ketgan 33 yoshli ayol vafot etdi

Qarshi tumanida Cobalt piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 33 yoshli ayolni urib ketdi. Piyoda vafot etdi. Hududda piyodalar o‘tishi uchun yer osti yo‘li qurilgan, lekin u yer qarovsiz holatda. Aholi vakillari ushbu tunnelni yaroqli holatga keltirib berilishini so‘ramoqda.

Qirg‘iziston O‘zbekistondan go‘sht va chorva mollari olib kirishga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi

Qirg‘iziston O‘zbekistondan import qilinadigan go‘sht va chorva mollariga qo‘yilgan taqiqni olib tashladi. Cheklov 2022 yil sentabr oyida joriy qilingandi.

Mirzohid Qodirov Dori vositalari ekspertizasi davlat markazi direktori v.b. etib tayinlandi

Mirzohid Qodirov Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. U «Dok-1 Maks» va «Ambronol» siropi voqealari ortidan ishdan olingan Sardor Kariyev o‘rnini egalladi.

O‘zbekistonda qonunchilik hujjatlarining 243 tasida 350 ta korrupsiyaviy holat aniqlandi

Ijtimoiy himoya, moliya va bank, tadbirkorlik, tashqi iqtisodiy faoliyat hamda bojxona ishiga oid 1 860 ta qonunchilik hujjati korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazildi. Ekspertizaga ko‘ra, 243 ta hujjatda 350 ta korrupsiyaviy omil aniqlandi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Boeing so‘nggi 747 samolyotini yig‘ishni yakunladi — afsonaviy layner tarixi

Boeing kompaniyasi so‘nggi 747 samolyotini yig‘ib tugatdi. Afsonaviy «o‘rkachli» layner 1969 yilda paydo bo‘lgan va ommaviy aviatsiya ramziga aylangan edi. Ushbu maqolada bu turdagi havo laynerlarning paydo bo‘lishi va u bilan bog‘liq tarixiy voqealar eslab o‘tiladi.

Ismbuzarlar

«Ma’lum bo‘lishicha, ZAGS va militsiya bo‘limlarining pasport stollarida ishlovchi savodi g‘ovlab ketgan ayrim xodimlari metrika va pasportlarda o‘zbekcha to‘ldiriladigan joylarni ruscha yoki butunlay savodsizlarcha to‘ldirib, qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarar ekanlar».

«Ta’lim tizimiga e’tibor berish kerak». Vazirlikning topshirig‘iga talabalar nima deydi?

Oliy ta’lim vaziri Ibrohim Abdurahmonov barcha talabalarni jinoyatchilikka moyil, yot g‘oyalar ta’siriga tushish arafasida va qoidalarga rioya etmaydigan kabi guruhlarga ajratish topshirig‘ini bergandi. Bu esa tarmoqlarda tanqidlarga sabab bo‘ldi. «Gazeta.uz» talabalar fikrini bilish uchun ularga mikrofon tutdi.

«Jurnal har doim jamiyat illatlari va hukumat kamchiliklarini olib chiqqan» — «Mushtum» bosh muharriri

«Bu jurnal millat mulki, 100 yildan beri nomi o‘zgarmay kelayotgan noyob tarix», — deydi 2007 yildan buyon «Mushtum»ga bosh muharrirlik qilayotgan Nosirjon Toshmatov. U «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida hozirgi rahbarlarning jurnalga munosabati va 100 yillik to‘yni qanday tasavvur qilgani haqida gapirdi.