O‘zbekiston Suriyaga insonparvarlik yordami yubordi

O‘zbekiston Suriyaning zilziladan jabr ko‘rgan aholisi uchun 50 tonnaga yaqin insonparvarlik yordami jo‘natdi.

«Turkiyadagi yangi zilzilalar oqibatida o‘zbekistonlik qutqaruvchilarga zarar yetmadi» — FVV

O‘zbekistonlik FVV xodimlari qutqaruv ishlarini olib borayotgan Turkiyaning Hatay viloyatida yangi zilzilalar qayd etildi. Vazirlik matbuot kotibining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, mutaxassislarga zarar yetmagan. Vayrongarchilik joylarida ishlar davom etmoqda.

Toshkentda Telegram orqali narkotik sotganlikda gumonlangan 3 kishi qo‘lga olindi

Telegram orqali giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangani gumon qilingan 3 nafar shaxs ushlandi. Ularning yetakchisi boshqalarni kaltaklash uchun 300−500 dollarga yollagan 17 kishi ham hibsga olindi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«O‘zbekistonga foyda keltirish uchun». Alisher Usmonov biznesni nega tark etgani haqida

Alisher Usmonov jurnalistlarga bergan intervyusida biznesni tark etganiga izoh berdi. «O‘zbekistonga yordam berish, unga foyda keltirish uchun bor imkoniyatlarimni ishga solaman. Bu uchun korporativ aktivlar boshqaruvidan ketdim va hatto ko‘plab loyihalarimda aksiyador sifatida ishtirokimni yakunladim», — dedi u.

O‘zbekiston-Misr o‘rtasida 1,6 mlrd dollarlik kelishuvlar imzolandi

Shavkat Mirziyoyevning Misrga tashrifi oldidan bo‘lib o‘tgan biznes forumda 1,6 mlrd dollarlik 20 dan ziyod bitim va shartnoma yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, Misr kompaniyasi O‘zbekistonda 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurmoqchi ekani bildirildi.

O‘zbekiston va Misr prezidentlari munosabatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Qohiradagi «Al-Ittihodiya» saroyida Shavkat Mirziyoyev va Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi muzokara o‘tkazdi. Ikki mamlakat gaz-kimyo, to‘qimachilik, elektrotexnika, zargarlik va farmatsevtika tarmoqlarida hamkorlik bo‘yicha kelishib oldi. Shavkat Mirziyoyev mamlakat rahbarini O‘zbekistonga taklif qildi.

O‘zbekiston va Misr prezidentlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi masalasini ko‘tardilar

Qohiradagi muzokaralarda O‘zbekiston va Misr rahbarlari Isroil-Falastin muammosi, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va Efiopiyaning to‘g‘on qurish rejalariga to‘xtaldi. Prezidentlar ushbu masalalar bo‘yicha mamlakatlar pozitsiyalari bir-biriga mos kelishini ta’kidladilar.

Poytaxtda 7 ta viloyat hokimliklariga mehmonxona qurish uchun yer ajratiladi

Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Rahmonov 7 ta viloyat hokimliklariga mehmonxona qurish uchun yer ajratish bo‘yicha qaror qabul qildi.

Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlarining ba’zi joylarida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi

Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlaridagi ayrim iste’molchilar vaqtincha tabiiy gazdan uzildi. Bunga ta’mirlash ishlari sabab qilib ko‘rsatilgan.

Qoraqalpog‘istonda qurilayotgan ko‘p qavatli uyning zinapoyasi qulab tushdi

Qonliko‘l tumanida 5 qavatli uyning zinapoyasi qurilganidan 4 kun o‘tib qulab tushdi. Voqea sabab jabrlanganlar yo‘q. Holat bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Farmatsevtika agentligiga yangi rahbar tayinlandi

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga Ulug‘bek Egamov rahbar bo‘ldi. Agentlikning avvalgi direktori Sardor Kariyev «Dok-1 Maks» va «Ambronol» siropi voqealari ortidan ishdan olingandi.

Yer usti metro yo‘nalishi ostida jami 2700 o‘rinli avtoturargohlar tashkil etiladi

Toshkent shahar Yashnobod tumanidan o‘tuvchi yer usti metro yo‘nalishi estakadasi ostidagi hududda 1200 o‘rinli beshta avtoturargoh hamda Sergeli tumanidan o‘tuvchi yer usti metro yo‘nalishi hududida 1500 o‘rinli yettita, jami 2700 o‘rinli avtoturargohlar tashkil etiladi.

Metroda o‘zini poyezd tagiga tashlamoqchi bo‘lgan yigit to‘xtatib qolindi

Toshkent metrosining «Paxtakor» bekatida 26 yoshli erkak o‘zini poyezd tagiga tashlamoqchi bo‘ldi. Aniqlanishicha, u ruhiy-asab kasalliklari dispanserida ro‘yxatda turuvchi shaxs bo‘lgan. Yigit metropoliten xodimlari tomonidan qutqarib qolinganidan so‘ng, onasiga topshirilgan.

Qarshida 22 yoshli yigit o‘zini 10-qavatdan tashlab, joniga qasd qildi

22 yoshli yigit Qarshi city`dagi ko‘p qavatli uyning 10-qavatidan o‘zini tashlab yuborib, joniga qasd qildi. Tergovga qadar tekshiruvda u 2019 yilda ruhiy muammolar sababli davolangani, o‘sha davrda ham joniga qasd qilishga uringani aniqlandi.

2022 yilda toshkentliklar kiberjinoyatlardan 45,2 mlrd so‘m zarar ko‘rdi

Toshkentda fuqarolarning bank kartalaridagi pullarini aldov yo‘llari bilan o‘zlashtirish holatlari keskin oshdi. 2022 yilda bunday kiberjinoyatlar oqibatida toshkentliklar kamida 45,2 mlrd so‘m zarar ko‘rgan. Bu pullarning bor-yo‘g‘i 9,2 mlrd so‘mga yaqini undirib berilgan. IIBB keng tarqalgan usullarni sanadi.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida yangi tayinlovlar amalga oshirildi

Prezident qarori bilan Umid Madaminov va Ahadbek Haydarov qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosarlari etib tayinlandi. Shuningdek, Bahrom Sharipov Ipakchilik qo‘mitasiga, Ibrohim Ergashev O‘simliklar karantini agentligiga, Husniddin Karimov Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligiga rahbar bo‘ldi.

Toshkent-Andijon yo‘lovchi poyezdlari Namangan shahri orqali harakatlanadi

Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida 24 fevraldan boshlab 92/91 va 94/93-sonli Toshkent-Andijon-Toshkent yo‘lovchi poyezdlarining Namangan shahri orqali harakatlanishi yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkentda davlat tashkilotlariga quyosh panellari o‘rnatishga salkam 400 mlrd so‘m yo‘naltiriladi

Toshkent shahridagi 1000 dan ortiq budjet tashkilotiga quyosh batareyalari o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Buning uchun 390 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.

Yanvarda Germaniya import bo‘yicha O‘zbekistonning 1-raqamli hamkori bo‘ldi

2023 yil yanvar oyida Germaniya importda O‘zbekistonning birinchi raqamli hamkoriga aylandi. Litva va Fransiya ham Top-10 savdo hamkorlar ro‘yxatiga kirdi. Statistika agentligiga ko‘ra, importning asosiy qismini 6 ta samolyot tashkil etdi.

NeMolchi.uz ayollar va bolalar xavfsizligi bo‘yicha qonunchilika kiritilishi kutilayotgan 7 ta o‘zgarish haqida eslatdi

Jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirishni taklif etuvchi qonun loyihasida oiladagi zo‘ravonlik va ta’qiblar uchun ham moddalar mavjud. NeMolchi.uz hujjat tez orada quyi palataga yuborilishini eslatib, uning to‘liq nusxasi bilan tanishishni taklif qildi.

Hindistonda o‘zbek-hind harbiy mashg‘ulotlari boshlandi

O‘zbekiston harbiylari Hindistonga yetib bordi. U yerda 5 martga qadar shartli terrorchi guruhlarni qidirish va yo‘q qilish, tog‘li va o‘rmonli hududlarda jangovar harakatlar olib borish bo‘yicha qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«2059 yilga borib O‘zbekistonda irmoqlar qisqarishi yoki yo‘qolib ketishi kutilmoqda» — qishloq xo‘jaligi mutaxassisi Adrian Nil

Yevropa Ittifoqining ASK dasturi iqlim o‘zgarishining O‘zbekiston agrar sektoriga ta’sirini tahlil qildi. Loyiha rahbari Adrian Nilning «Gazeta.uz»ga aytishicha, mamlakat qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishiga qarshi muvofiqlashgan milliy kurash yo‘q. Shu bois sohada qilinayotgan ishlar natijasi sezilarli emas.

Taraqqiy

Abdulhamid Cho‘lpon tomonidan salkam bir asr avval yozilgan «Taraqqiy» maqolasida o‘z tarixiga qiziqmaydigan, o‘z tilini hurmat qilmaydigan, o‘yinqaroqroq (hozirgi kunlarning ba’zi faollari tomonidan «ma’naviyatsiz», «ma’naviyatdan uzoq» deya ta’riflanishi mumkin bo‘lgan) yoshlar toifasi ko‘rsatilgan.